2021 yil 20-21 oktyabr kunlari Nukus shahrida bo‘lib o‘tgan Ozarbayjon madaniyati va adabiyoti kunlari doirasida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Husayn Jovid nomli Ozarbayjon madaniyati va adabiyoti markazi ochilgan edi. Bugungi kunda ushbu markaz xalqlarimiz o‘rtasidagi adabiy va abadiy do‘stlik rishtasi sifatida faoliyat olib bormoqda.
Markazda O‘zbekiston va Ozarbayjon davlatlari o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari, adabiyot, madaniyat, san’at, tarix yo‘nalishlarida ikki davlat munosabatlari, shu bilan birga, qardosh xalqning milliy kiyimlari, san’at namunalari, badiiy kitoblaridan iborat ko‘rgazmalar, foydali manbalar joy olgan. Ozarbayjon xalqi qoraqalpoq adabiyoti, san’ati, madaniyati hamda tarixiga oid ko‘pgina asarlar, ayniqsa, Ajiniyoz, Berdaq, Ibroyim Yusupov, To‘lepbergen Qayipbergenovning asarlari, qoraqalpoq xalq dostonlari, folklor asarlarini yaxshi bilishadi. O‘z navbatida qoraqalpog‘istonliklar Ozarbayjon adiblarining asarlarini sevib o‘qishadi.
Yangi markazning ochilishi esa, qoraqalpoq, o‘zbek va ozarbayjon xalqlarining do‘stligini yanada mustahkamlashga, oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlari, ayniqsa, akademik mobillik, ilmiy-pedagogik yo‘nalishlarda samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Dovud ABIBULLAEV,
O‘zA muxbiri