Poytaxtimizda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan TURKSOY Xalqaro tashkiloti hamkorligida o‘tkazilayotgan “Turkiy tilli davlatlar xalqaro she’riyat bayrami“ qizg‘in ruhda o‘tmoqda.
She’riyat bayrami ishtirokchilari Adiblar xiyoboni bilan tanishib, shoir va alloma bobomiz Alisher Navoiy haykali poyiga gullar qo‘ydi. Mamlakatimizda ijodkorlarni ruhlantirish, ular uchun zarur barcha sharoit va imkoniyatlarni yaratish, yosh ijodkorlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash borasidagi ezgu va ibratli ishlar she’riyat bayrami ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Yozuvchilar uyushmasining anjumanlar zalida XVI Xalqaro turkiy she’riyat festivalining tantanali ochilishiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid turkiy davlatlar xalqaro she’riyat bayrami ishtirokchilarini qutladi.
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev adabiyot, ma’naviyat va ma’rifat homiysi, ezgulik, tinchlik, omonlik tarafdori sifatida xalqaro miqyosda ham e’tirof etilmoqda, – dedi Sirojiddin Sayyid. – Poytaxtimizda bo‘lib o‘tayotgan XVI Xalqaro turkiy she’riyat festivalining tashkil etilgani ham adabiy aloqalar rivoji yo‘lidagi e’tiborning amaliy ifodasidir. Ushbu she’riyat bayramini turkiy davlatlar shoirlarining ijodiy diydorlashuvi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
[gallery-20573]
– Hazrat Navoiyning yurtidagi bunday xalqaro she’riyat bayramida ishtirok etayotganimdan behad mamnunman, – dedi Turkiya Yozarlar birligi raisi Musa Kazim Aristan. – Turk dunyosi – buyuk makon. Bizning ajdodlar asriy ma’naviy, ma’rifiy, adabiy rishtalar bilan o‘zaro bog‘langan. Bu mushtaraklikni, ildizlarimizning ko‘hnaligini Mahmud Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” asarida ham ko‘rish mumkin. She’riyat inson qalbidagi tuyg‘ularning eng go‘zal ifodasidir.
– Toshkentda shunday she’riyat bayramida ishtirok etayotganimdan juda mamnunman, – dedi TURKSOY Yozarlar birligi raisi Ulug‘bek Eshdavlat. – Bu aziz zamindagi birinchi va ikkinchi Renessansga ulug‘ olim va mutafakkirlar o‘z merosi bilan poydevor yaratgan bo‘lsa, uchinchi Renessans jadid bobolar merosi, zahmatkash adabiyot ahlining sa’y-harakatlari bilan barpo etilmoqda. Ijod ahli uchun shunday fayzli binolar qurgan Prezidentingizga, yurtingizga havas qilish mumkin. O‘zbekiston Respublikasi davlat rahbari tashabbusi bilan turkiy adabiyotning muhtasham 100 jildligining nashr etilgani adabiyot ravnaqiga ko‘rsatilayotgan e’tibordan darak beradi.
XVI Xalqaro turkiy she’riyat festivali ijodkorlarning o‘zaro fikr va tajriba almashishida muhim ahamiyat kasb etishi bilan diqqatga sazovordir. Uning doirasida adabiy anjumanlar, davra suhbatlari, mushoiralar, taqdimotlar, ma’rifiy muloqotlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Nazokat Usmonova, Nosirjon Haydarov (surat) O‘zA