8-mart –Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan “Women in Power” birinchi mintaqaviy forumi o‘tkazildi.
O‘zA muxbiri “ACWA Power Riverside Solar” kompaniyasining bosh direktori – “ACWA Power”ning O‘zbekistondagi birinchi “yashil” vodorod loyihasi bosh direktori Almardon Abdukarimovdan kompaniya tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan loyihalar haqida intervyu oldi:
– Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi O‘zbekistonga kirib kelganiga hali ko‘p vaqt bo‘lmasada, uning keyingi uch yilda mamlakatimizga kiritgan sarmoyasi nihoyatda salmoqli, – dedi u. – Shaxsan o‘zim ham yurtimizdagi kompaniyaning birinchi kadrlaridanman.
Kompaniyaning O‘zbekistondagi birinchi loyihasi 1500 mevagattli Sirdaryodagi issiqlik elektr stansiyasi hisoblanadi. Uning qurilish jarayonlarida uch yil mobaynida 2300-2400 mahalliy va xorijiy ishchilar mehnat qildi. Bu iqtisodiyotimizga nihoyatda foydali bo‘ldi. Qurilish jarayonida 70 foiz mahalliy ishchilar nafaqat ish bilan ta’minlandi, balki ular haqiqiy xorijiy tajribani o‘rgandi. Bu juda katta yutuq sanaladi.
Stansiya uchun Yaponiya va Germaniyadan gaz-bug‘ turbinalari keltirildi. Bugungi kunda uning 1000 MVt muddatidan oldin ishga tushirildi. Bundan tashqari, loyihalarimiz – Buxoro viloyatidagi 2 ta 500 MVtli shamol elektr stansiyasi, Nukus shahridagi 100 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasidir. Hozir bu uchta loyiha bo‘yicha ishlar jadal olib borilmoqda.
Birinchi loyihamiz uchun 1,2 milliard dollar investitsiya kiritilgan bo‘lsa, shamol elektr stansiyalari uchun 1,3 milliard dollar investitsiya jalb qilinadi.
Shuningdek, 1200 MVtli Toshkent va Samarqand viloyatlarida quyosh elektr stansiyalari qurilishi ham boshlangan. Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida qurilayotgan ushbu quyosh elektr stansiyasining birinchi 100 megavatti aprel oyida, keyingi 100 megavattini may oyi oxiriga mo‘ljallab turibmiz.
Ta’kidlash kerakki, “ACWA Power” kompaniyasining asosiy maqsadi O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanishini hisobga olib, ichki talab va eksport salohiyatini oshirish yo‘lida investitsiya kiritish va “yashil” energiyasining hajmini oshirishdir. Shu bilan birga, “yashil” energetikani rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekistonning 2030-yilgacha rejalashtirgan ustuvor vazifalariga o‘z hissamizni qo‘shmoqchimiz.
Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida qurilayotgan quyosh elektr stansiyasi 200 MVt bo‘lsa, uning yonida 500 MVt quvvatga ega bo‘lgan elektr energiyasini saqlovchi loyihamiz ham bor. Bu nimani olib keladi? Bu elektr energiyasini saqlash tizimi ishlab chiqarilgan ushbu manbani barqaror ta’minlashga xizmat qiladi.
Nima uchun bu loyiha kerak? Xabaringiz bor, quyosh elektr stansiyasi faqat quyoshli davrida elektr energiyasini ishlab chiqaradi va ta’minlaydi. Bu elektr energiyasini saqlash tizimi quyosh bo‘lmagan paytda energiya ta’minotini uzoqroq muddatga yetkazib berishga mo‘ljallangan. Bu kabi loyiha Samarqandda qurilayotgan quyosh elektr stansiyasida ham bor.
[gallery-16291]
Bundan tashqari, Toshkent viloyati Chirchiq tumanida O‘zbekistonda va dunyoda yangi loyiha bo‘lgan “yashil energiya” loyihasini boshlaganmiz. Prezidentimizning tashabbuslari bilan olib kirilgan ushbu loyiha mamlakatimizdagi birinchi pilot loyihadir. Loyiha orqali biz dunyoga O‘zbekistonda eng yuqori texnologiyalarni ishlatib, elektr energiyasi tizimiga va undan tashqari iste’molchilarga yetkazib berishimiz mumkin bo‘lgan elektr energiyasi va “yashil” vodorod haqida ko‘rsatmoqchimiz.
Hozir qurilish ishlari olib borilayotgan 20 MVt quvvatga ega “yashil” vodorod loyihasini yil yakuniga qadar yakunlaymiz. Bu nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda ilk loyiha hisoblanadi.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi.