Metrologiya yo‘nalishida so‘nggi besh yilda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida mamlakatimizdagi Milliy etalonlar soni 3 baravarga oshdi. Sanoat tarmoqlarida o‘lchash vositalarini kalibrlash qamrovi esa 78 foizga yetkazildi. Xorijiy davlatlarda o‘lchash vositalarini kalibrlashga sarflanadigan valyuta miqdori 4 baravar qisqardi. Shuningdek, sanoatning jadal rivojlanishi barobarida aniq o‘lchashlarga bo‘lgan ehtiyojning ortib borishi natijasida doimiy ravishda metrologik laboratoriyalarni takomillashtirib borish yuzasidan bir qancha tadbirlar olib borilmoqda.
Yaqinda O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov va Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi mas’ullari o‘rtasida umumiy qiymati 1,7 million dollarni tashkil etuvchi investitsion loyiha bo‘yicha memorandum imzolandi. Ushbu memorandumdan maqsad Qoraqalpog‘iston Respublikasida qayta tiklanuvchi (shamol va quyosh) elektr stansiyalarida qo‘llaniladigan o‘lchash vositalarini kalibrlash xizmatlarini joriy etish hisoblanadi.
Shu sababli, O‘zbekiston milliy metrologiya institutining Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali negizida yuqori aniqlikdagi zamonaviy o‘lchash vositalari bilan jihozlangan laboratoriyalar kompleksi tashkil etiladi. Hozirda O‘zbekiston milliy metrologiya institutining Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali uchun xalqaro tavsiyalarga asosan zarur infratuzilmaga ega laboratoriyalar kompleksi foydalanishga topshirilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, “ACWA Power” kompaniyasi Orolbo‘yi mintaqasida yiliga 18,5 ming GVt soatga yaqin toza energiya ishlab chiqaruvchi shamol elektr stansiyalari qurishni rejalashtirgan. Ushbu loyiha besh bosqichda amalga oshiriladi, bu esa O‘zbekistonning toza energiyaga o‘tish strategiyasiga erishish yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA