Allomalarimiz haqida 10 ta fakt
O‘zbekiston zamini – buyuk allomalar yurti. Tabarruk diyorimizda fozilu fuzalolar, ulug‘ muhaddislar, ilm-fan ravnaqiga turtki bo‘lgan ajdodlarimiz kamol topib, dunyo tamadduni rivojiga katta hissa qo‘shgan. Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlarida ilm-fan, madaniyat va ma’rifat maydonida bo‘y ko‘rsatib, o‘z so‘zini aytgan, o‘z o‘rniga ega bo‘lgan buyuk allomalarimizning nomini butun dunyo taniydi. Yurtimiz, millatimiz faxri bo‘lgan ulug‘ bobokalonlarimizning boy ma’naviy va ilmiy merosini o‘rganish, tadqiq va targ‘ib etish burchimizdir. Ayniqsa, yosh avlodni buyuk allomalarimizga munosib voris etib tarbiyalash, ular ongida ajdodlarimizga, ular qoldirgan boy ma’naviy-ilmiy merosga nisbatan daxldorlik hissini uyg‘otish oldimizda turgan muhim vazifalardandir.
Shu maqsadda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamkorligida “Allomalarimiz haqida 10 ta fakt” loyihasi yo‘lga qo‘yilmoqda.
Ushbu loyiha doirasida yurtimizning buyuk farzandlari, ularning ilm-fan, ma’naviyat, madaniyat va san’at sohalari rivojiga qo‘shgan hissasi haqida muhim fakt va ma’lumotlar taqdim etib boriladi.
Loyihamizning dastlabki sonida o‘rta asrning buyuk qomusiy olimi Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy haqidagi muhim 10 ta faktni e’tiboringizga havola qilamiz.
1) Abu Rayhon Beruniy 973 yilda Xorazmning qadimiy poytaxti – Kat (hozirda Qoraqalpog‘istonning Beruniy shahri)da tug‘ilgan.
2) Beruniy Xorazmshoh Abul Abbos Ma’mun II saroyida to‘plangan olimlar bilan birgalikda shoh nomidagi “Ma’mun akademiyasi”ni barpo etgan va shu yerda faoliyat ko‘rsatgan.
3) Alloma matematika, astronomiya, tarix, geografiya singari turli fan sohalari bilan shug‘ullanib, 160 dan ortiq asarlar yozgan.
4) U Kopernikdan qariyb besh asr muqaddam Yerning quyosh atrofida aylanishi haqidagi fikrini ilgari surgan.
5) Beruniy Yerning dumaloq shaklda ekanligini asoslab bergan.
6) Alloma 1029 ta yulduzning koordinatalari qayd etilgan yulduzlar jadvalini hamda dunyoning geografik xaritasini tuzgan.
7) Beruniy yevropalik olimlardan 450 yilcha oldin Amerika qit’asi mavjudligini taxmin qilib, o‘z asarlarida bir necha bor qayd etgan.
8) Allomaning g‘arbiy yarim sharda katta quruqlik – materik mavjudligi to‘g‘risidagi fikri XV-XVI asrlarda o‘z tasdig‘ini topgan.
9) Beruniy Yer aylanasi uzunligini o‘lchashda yangi usul – matematik usulni ishlab chiqqan.
10) Abu Rayhon Beruniy 1048 yilda G‘aznada vafot etgan.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/GUnScZ8wBPA" title="Abu Rayhon Beruniy haqida 10 ta fakt" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>M.Komilova, A.Ahmedov (video), O‘zA