Abu-Dabida o‘zbek madaniyati namoyish etildi
Nyu-York universitetining Abu-Dabidagi filialida milliy urf-odat va an’analar festivali bo‘lib o‘tdi. Unda o‘zbekistonlik talabalar ham faol ishtirok etdi.
Ushbu nufuzli oliygohda dunyoning 115 dan ortiq mamlakatidan kelgan talabalar tahsil oladi. Festivalda o‘ndan ziyod davlatlarning milliy taomlari, urf-odatlari va turizm salohiyati namoyish etildi.

Tadbir doirasida 30 nafarga yaqin o‘zbekistonlik talaba mamlakatimizning boy madaniy merosiga bag‘ishlangan milliy stendni namoyish etdi. Milliy taomlarimiz, hunarmandchilik buyumlari, yog‘och o‘ymakorligi va miniatyura san’ati namunalari, san’atkorlarimizning chiqishlari, ayniqsa, “Andijon polkasi” ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Festival ishtirokchilariga mamlakatimizning turizm salohiyati haqidagi axborot materiallari tarqatildi. Tadbirda akademik doiralar, diplomatik korpus va OAV vakillari ham qatnashdi.
Aziza Alimova tayyorladi, O‘zA