Abituriyentlar uchun test sinovlari boshlandi
Bugundan respublikamizdagi barcha oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun test sinovlari boshlandi. Mazkur jarayonlarga Namangan viloyatida ham qizg‘in hozirliklar ko‘rildi.
Hozirda, Namangan viloyatida 2025/2026 o‘quv yili qabulini yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida abituriyentlar va ularning ota-onalarini qiziqtirgan savollariga tezkor javob berishini ta’minlash maqsadida to‘rtta davlat va beshta nodavlat oliygohlarida “Call center” va maslahat markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ularda bir vaqtning o‘zida kamida beshta telefon raqamlari orqali qo‘ng‘iroqlarga javob qaytarildi. Har bir oliy o‘quv yurtining veb-saytida “Qabul-2025” bo‘limi ochilib, unda abituriyentlarni qiziqtirgan ma’lumotlar aks ettirildi.
Test sinovlari Yangi Namangan tumani hududida joylashgan Namangan davlat texnika universiteti va uning qoshidagi akademik litsey sport zallari, Davlatobod tumanidagi Namangan Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi hamda Bilim va malakalarni baholash agentligi binosining yopiq inshootlarida uyushtirilmoqda. Imtihonlar 23 iyulga qadar ikki smenada soat 08:00da va 15:00da boshlanadi. Har bir smenada 80 ta guruh va 2400 nafar abituriyent, bir kunda esa 160 ta guruh va 4800 nafar abituriyent test sinovida ishtirok etadi.
[gallery-24296]
Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari Otabek Bozorov tegishli oliy ta’lim muassasalari hamda Bilim va malakalarni baholash agentligi mutasaddilari hamrohligida test sinovlari o‘tayotgan ob’ektlarda bo‘lib, jarayonlarni borishini ko‘zdan kechirdi. Mas’ullar va nazoratchilarga imtihonlarni yuqori saviyada o‘tkazish yuzasidan tavsiyalar berdi.
Viloyat ichki ishlar idoralari va Milliy gvardiya xodimlari jamoat tartibini saqlashga mas’ullik qilmoqda. Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan biriktirilgan tibbiyot brigadasi ham imtihonlar bo‘layotgan ob’ektlarda xizmat faoliyatini yuritmoqda.
Namangan davlat texnika universiteti sport zali erta tongdan talaba bo‘lish orzusidagi yoshlar va ularning ota-onalari bilan gavjum bo‘ldi. Birinchi smenada dastlabki testga yetib kelgan ikki yuzga yaqin abituriyent sakkizta guruhga shakllangan holda sinovlarni topshirishga kirdi. Har bir smena uchun oliygohning o‘zida 240 ta, akademik litsey binosida esa 480 ta o‘rin hozirlangan.
Universitetning o‘zida tashkil etilgan maxsus kutish joyida ota-onalar o‘z farzandlarini test topshirish jarayonini ikkita katta ekran orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatib bormoqda. Bu yerda ota-onalar va abituriyentlarga yanada qulayliklar yaratish maqsadida universitet faol yoshlaridan iborat “Volontyorlar guruhi” faol ish olib bormoqda. Ushbu guruh abituriyentlarning ota-onalari va yaqinlari bilan suhbatlar olib boradi, test jarayonlarini yuqori saviyada o‘tkazilishiga ko‘maklashadi.
– Bugun men uchun unutilmas hayajonli kun. Huquqshunos bo‘lish istagidagi farzandim Gulyora Nazaraliyeva test sinovlarini ko‘plab omadli tengqurlari qatori yorug‘ yuz bilan topshirib chiqishini kutib turibman, – deydi Norin tumani Haqqulobod shaharchasida yashovchi Nozimjon Eshqo‘ziyev. – Katta qizim hozirda Toshkent davlat yuridik universitetining ilk bosqichini tamomladi. Singlisi ham uning izidan bordi. Kenjam esa Prezident maktabining 6-sinfiga ko‘chdi. Universitetda biz ota-onalar uchun qulay sharoitlar yaratilgani tahsinga sazovor. Salqin ichimlikmi, oziq-ovqat mahsulotlari, deysizmi, bari savdo rastasida muhayyo. Ekranlar orqali esa jarayonlarni shaffof kechayotganiga guvoh bo‘lib turibmiz.
Darvoqe, viloyatdagi test sinovlari bo‘layotgan binolar yettita shaxsni aniqlovchi identifikatsiya qurilmasi, beshta 360 (aylanma) videokamerasi, 82 ta statsionar videokamera moslamasi va yettita efirga uzatuvchi kameralar bilan jihozlandi.
Ma’lumot o‘rnida, 2024/2025 o‘quv yili uchun test topshirish hududi Namangan viloyati deb belgilagan, joriy yilning 5 iyunidan 25 iyuniga qadar Bilim va malakalarni baholash agentligining my.uzbmb.uz platformasi ro‘yxatidan o‘tgan abituriyentlar soni 47 ming 769 nafarni tashkil etmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.