Ma’lumotlarga ko‘ra, OTMlarning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar soni 1 million 18 ming 7 nafarni tashkil etmoqda. 2023-2024 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga qabul qilish bo‘yicha test sinovlari katta sig‘imli binolarda o‘tkaziladi.
Endi abituriyentlar oldida imtihon topshirish vazifasi turibdi. Test jarayonida ulardan belgilangan tartib-qoidalarga rioya qilishlari talab etiladi.
Abituriyentlar qaysi hollarda test sinovlaridan chetlashtirilishi mumkin?
Mutaxassislar tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, abituriyent imtihonga mikrokalkulyator, lug‘at, kitob, jadval, kompyuter, uyali telefon, shpargalkalar, telekommunikatsiya qurilmalari va boshqa vositalarni olib kirishga harakat qilsa, ulardan foydalansa, test materiallarini boshqa abituriyentga uzatsa, ularga yordam bersa, bir-biri bilan gaplashsa, test materiallarini binodan tashqariga olib chiqsa, test topshiriqlari kitobi varag‘ini yirtsa, imtihon vaqti tugaganda test materiallarini topshirishdan bosh tortsa hamda abituriyentlarning tegishli tartib-qoidaga amal qilmagani videokuzatuvlar orqali aniqlansa, ular test sinovlari jarayonidan chetlashtiriladi va natijalari chiqarilmasligiga asos bo‘ladi.
Shuningdek, abituriyent tomonidan topshirilgan hujjatlarning qalbakiligi aniqlansa, u holda abituriyent kirish imtihonlaridan yoki abituriyent talabalikka qabul qilingan bo‘lsa, oliy ta’lim muassasasi talabalari safidan chetlashtiriladi hamda hujjatlari belgilangan tartibda huquqni muhofaza qilish organlariga yuboriladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA