Abdusattorov, Sindorov yetakchiligidagi O‘zbekiston jamoasi Karlsen va boshqa kuchlilar bilan bellashadi
Joriy yilning 17-21-iyun kunlari Hong Kongda rapid va blits bo‘yicha jamoalar o‘rtasidagi jahon chempionati (FIDE World Team Rapid & Blitz) o‘tkaziladi. Unda ishtirok etadigan jamoalar va shaxmatchilar nomi e’lon qilindi.
To‘rtinchi bor tashkil etilayotgan mazkur jahon chempionatida 43 ta jamoaning 300 nafardan ziyod shaxmatchilari dona surishi tasdiqlandi.
Umumiy mukofot jamg‘armasi 500 ming yevrodan iborat nufuzli turnirning birinchi raqamli jamoasi sifatida talqin etilgan “WR Chess” jamoasi mazkur musobaqaning 2023-yilgi bahsida rapid yo‘nalishida, 2024 va 2025-yillari blits yo‘nalishida chempionlikni qo‘lga kiritgan.
Jamoa tarkibi dunyoning yetakchi grossmeysterlari Magnus Karlsen, Fabiano Karuana, Maksim Vashe-Lagrav, Uesli So, Yan-Kshishtof Duda, Xou Ifan va Aleksandra Kostenyukdan iborat etib belgilangan.

Shuningdek, Levon Aronyan, Anish Giri, Alireza Firuzja, Vidit Gujrati, Katerina Lagno va Volodar Murzindan iborat “Hexamind”, Arjun Erigaisi, Nihal Sarin, Pranav, Leon Lyuk Mendonka va Harika Dronavallni jamlagan Hindistonning “MGD1” vakillari, Praggnanandxa, Aravindx Chitxambaram, Vayshali Rameshbabu va Pranash qatnashadigan “Chessgurukul”, Din Lijen, Vey I, Yu Yan’i, Szyu Venszyun hamda Ley Tinszeni tarkibiga olgan Xitoyning “Dragon Chilling” jamoalari g‘oliblikka da’vogar sifatida talqin etilmoqda. Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov, Rustam Qosimjonovdan iborat O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari kuchlilarni yengishga qodir jamoa sifatida keltirib o‘tilgan.
Aytish lozim, avvalgi va hozirgi dunyo shaxmatining eng kuchlilari hisoblangan Vishvanatan Anand, Jorden van Forest, Shahriyar Mamedyarov, Aleksandr Griuk, Richard Rapport singari o‘nlab nomdorlarni bir maydonga jamlaydigan mazkur chempionat O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari uchun kelgusi musobaqalar, xususan Samarqandda o‘tkaziladigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi, Javohir Sindorovga Jahon shaxmat toji uchun Gukeshga qarshi bahsga tayyorgarlikning muhim bosqichi bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA