Abdusattorov-Karlsen “dueli” Polshada yuz berdi
Polsha poytaxti Varshavada shaxmat bo‘yicha o‘tkazilayotgan Superbet Poland Rapid & Blitz xalqaro turnirining rapid yo‘nalishidagi 6-tur o‘yinlari ortda qoldi.
Xabar berganimizdek, 9-mart kuni musobaqaning 4, 5 va 6-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Nodirbek Abdusattorov uchun bir oz omadsizroq o‘tgan ushbu o‘yinlarda hamyuritmiz 2 ta durang qayd etgan bo‘lsa, 1 ta uchrashuvda imkoniyatni boy berdi.
4-turda hindistonlik Arjun Erigaysi va 6-turda germaniyalik Vinsent Kaymer bilan o‘tkazilgan o‘yinlarda murosa yo‘li tanlandi. Abdusattorov-Arujun-0,5:0,5, Abdusattorov-Vinsent-0,5:0,5.

5-turda Nodirbekning qora donalarda Magnus Karlsen bilan yuz bergan to‘qnashuvi nafaqat ushbu turnir kuzatuvchilari, balki jahon shaxmatining millionlab ixlosmanlari diqqat markazidagi eng qiziqarli bahs sifatida yodda qoladigan bo‘ldi. Ruhiy va aqliy janglarga boy tarzda kechgan o‘yinning 55-yurish holatidagi xatolik o‘yinda tub burilish nuqtasi bo‘ldi. Aynan ushbu vaziyat Abdusattorovni g‘alabadan uzoqlashtirgan bo‘lsa, Karlsenga 2 ochkoli bo‘lish imkoniyatini berdi. Bu esa 107-yurish yakunida sobiq jahon chempioni Karlsenning muvaffaqiyatga erishishiga olib keldi. 1:0.

Bugun, 10-may kuni mukofot jamg‘armasi 175 ming dollardan iborat bo‘lgan turnirning 7-tur bahsida Nordirbek xitoylik Vey I bilan kuch sinashadi. Shuningdek, 8-turda polshalik Yan-Kshishtof Duda, 9-turda asli ukrainalik, hozirda Polsha sharafini himoya qilayotgan Shevchenko qarshiligini yengishga kirishadi. Turnirning so‘nggi 10-turida Abdusattorov Vinsent Kaymerga qarshi yana bir o‘yinda ro‘baro‘ keladi.
Hozirda turnirda Karlsen va Vey 8 ochko bilan yetakchilikka erishib turgan bo‘lsa, Nodirbek Abdusattorov hisobida 6 ochko mavjud.
Eslatib o‘tamiz, 12-mayga qadar davom etadigan turnirda rapid yo‘nalishidagi bahslarda g‘alabaga erishgan shaxmatchi 2, durang qilgan 1 ochkoga ega bo‘ladi. Blis bahslarida esa g‘alabaga 1, durangga esa 0,5 ochko taqdim etiladi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA