Abduqodir Toshqulov: ta’lim – mamlakat taqdiri
Poytaxtimizda iqtidorli yoshlarni birlashtirgan keng miqyosdagi forum bo‘lib o‘tdi. Unda vazirlar, siyosatchilar, taniqli davlat arboblari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Shunday samimiy ruhda bo‘lib o‘tgan uchrashuv Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov bilan tashkil etildi. Suhbatda vazir A.Toshqulov oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan ishlar, islohotlar, kelajakdagi ustuvor vazifalar haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, yoshlarning savollariga javob berdi.

– Bugun davlat va jamiyatning eng faol qatlami – bu talabalar. Uchinchi renessansni qurmoqchi ekanmiz biz, albatta, ta’limni rivojlantirishimiz kerak, – dedi A.Toshqulov. – 2016–2017 yilardan boshlab oliy ta’lim sohasida juda katta islohotlarning guvohi bo‘lmoqdamiz. Jumladan, birinchisi qabul jarayoni. Bugun mehnat qilgan, biroz harakat qilgan ham talaba bo‘ldi. Ikkinchisi, ta’lim jarayonida majburiy mehnatga barham berilishi. Kredit-modul tizimining ushbu o‘quv yilidan boshlab barcha oliy ta’lim muassasalarida joriy etilishidan asosiy maqsad integratsiyalashuv hisoblanadi. Bundan tashqari, o‘qituvchi bugun talabaga uni ishlashga majbur qiladigan va uning butun umri mobaynida unga nafi tegadigan topshiriqlarni berishi kerak. Sarg‘aygan konspekt yoki referat yozish emas. Biz bunda xorijiy tajribani olib, ko‘proq talabani mustaqil ta’lim va o‘qishga yo‘naltirishimiz lozim.
Vazir nutqi davomida raqamli universitet va raqamli kutubxona mavzusiga ham to‘xtalib o‘tdi.

– Oliy ta’lim tizimida korrupsiya, tamagirlik holatlari hozir ham ba’zi-ba’zida uchrayotganining guvohi bo‘lmoqdamiz. Bunga barham berishning eng birinchi yo‘li bu – raqamlashtirish. Bugun o‘quv, ilmiy, moliyaviy va ma’muriy jarayonlar ham raqamlashtirib borilmoqda. 2022 o‘quv yilida talaba bo‘lish baxtiga musharraf bo‘lgan yoshlarimiz reyting daftarchasi degan tushunchadan yiroq. Talaba haqida barcha ma’lumot uning ID kartasidan, smartfonidan va QR-kodidan olinadigan bo‘ladi.
Kredit-modul tizimida talabaning yashash joyi kutubxona, hayoti smartfon va noutbuk bo‘lishi kerak. Shundagina, u keyingi bosqichga o‘tadi. Talabalar safidan chetlatish degan hamda boshqa turli sabablar emas, balki fanni o‘zlashtirishiga qarab talabaning keyingi semestr va kursga o‘tish yoki o‘tmasligi hal bo‘ladi. Hozirda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining eng asosiy yuritayotgan siyosatlaridan biri semestrdagi fanlarni qisqartirish. Talaba boringki, 5-6 ta fanni o‘qisin, lekin mukammal o‘rgansin.
Endi faqat va faqat sifat uchun ishlaymiz. Kvotalar qayta ko‘rib chiqiladi. Son emas, endi sifat. Xorijiy davlatlardagi nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan talabalar almashinuvi kuchaytiriladi, – dedi vazir Abduqodir Toshqulov.
Fayzullo Yahyoyev,
O‘zA