“Transfermarkt” portali Angliya Premer ligasi klublarida to‘p surayotgan futbolchilarning yangilangan narxlarini e’lon qildi.
Angliya Premer-ligasida ishtirok etayotgan charm to‘p ustalarining transfer narxi umumiy hisobda 12,78 milliard yevroni tashkil qilmoqda va ushbu ko‘rsatkich asosida Premer-liga jahon futbolidagi eng qimmat liga bo‘lib turibdi.
Biz uchun ahamiyatlisi, mazkur reytingda “Manchester Siti” klubi a’zosi hamyurtimiz Abduqodir Husanovning transfer summasi o‘zgarishsiz qolgani bo‘ldi. Futbolchimiz ayni kunda 35 million yevroga baholanib, o‘z narxida qolmoqda.
Natijada Abduqodir Husanov Markaziy Osiyo va MDH davlatlari orasida transfer narxi eng qimmat o‘yinchi bo‘lib turibdi. Shuni ta’kidlash lozimki, Markaziy Osiyo mintaqasi tarixida hali hech qaysi charm to‘p ustasi bu qadar yuqori transfer narxiga ega bo‘lmagan. Shuningdek, MDH mamlakatlaridan chiqqan o‘yinchilar orasida eng qimmat futbolchi nomini ham saqlab turibdi.
Ma’lumot o‘rnida: Abduqodir Husanov ayni damda jarohatidan tiklanish jarayonini o‘tkazmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA