Abduqodir Husanov «Manchester Siti» bilan APL chempioni bo‘lishi mumkin
Angliya premer-ligasining 34-turidan o‘rin olgan dastlabki uch uchrashuv o‘z yakuniga yetdi. Turning qolgan bahslari 25-aprel kuni bo‘lib o‘tadi.
Kecha o‘tkazilgan uchrashuvlar orasida Abduqodir Husanov ishtirok etgan bahs alohida ahamiyat kasb etdi. «Byornli» va «Manchester Siti» o‘rtasidagi uchrashuv 1:0 hisobida «shaharliklar» foydasiga hal bo‘ldi. Yagona gol 5-daqiqada Erling Holand tomonidan kiritildi. Husanov ushbu uchrashuvni asosiy tarkibda boshlab, to‘liq o‘tkazdi.
Bellashuvdan so‘ng bir qator statistik portallar vakilimizning o‘yinini yuqori baholadi. Jumladan, «FotMob» 8.1, «Sofascore» 7.8, «Flashscore» esa 7.9 ball qayd etdi.

Ushbu g‘alabadan so‘ng «Manchester Siti» ochkolarini 70 taga yetkazib, turnir jadvalida birinchi o‘ringa ko‘tarildi. Shu bilan birga, «Arsenal» ham 70 ochko bilan yetakchilar qatorida bormoqda, biroq «MS» zaxirasida bitta o‘yin bor.
Qayd etish joiz, «Byornli» ushbu natijadan so‘ng Premer-ligada qolish imkoniyatini deyarli yo‘qotdi. Avvalroq «Vulverxempton» ham elita divizionda qolish imkonidan ayrilgan edi.
Kecha, shuningdek, «Brayton» «Chelsi»ni 3:0 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa, «Bornmut» va «Lids» uchrashuvi 2:2 hisobidagi durang bilan yakunlandi.
25-aprel kuni 34-tur doirasida quyidagi uchrashuvlar o‘tkaziladi:
«Sanderlend» — «Nottingem Forest»
«Fulhem» — «Aston Villa»
«Vulverxempton» — «Tottenhem»
«Liverpul» — «Kristal Pelas»
«Vest Xem Yunayted» — «Everton»
«Arsenal» — «Nyukasl Yunayted»
Tur 28-aprel kuni «Manchester Yunayted» va «Brentford» o‘rtasidagi uchrashuv bilan yakunlanadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA