Abdulla Qodiriy tavalludining 125 yilligiga
2019 yil 26 dekabr mangu tarixning oltin kitobiga qayd etildi.
Uchinchi Renessans
2019 yil 26 dekabr mangu tarixning oltin kitobiga qayd etildi. Shu kuni Toshkentning qadim Eski Jo‘vasida Abdulla Qodiriy bog‘ida buyuk adibimiz, allomamiz, namoyandamiz Abdulla Qodiriyning 125 yilligi tantanalari mislsiz fayzu shukuh bilan ochildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning tashabbusi bilan bu yerda muhtasham Abdulla Qodiriy muzeyi qad rostladi. Betakror va milliy ruhda ishlangan adibimizning salobatli haykali o‘zining millionlab minnatdor muhabbatli muxlislari, sadoqatli o‘quvchilarini kutib olayotganday. Ularga peshvoz chiqqanday mehr to‘la bag‘rini ochayotganday. U ko‘z o‘ngida minoralari bilan chorlayotgan Islom sivilizatsiyasi markazini olqishlayotganday, o‘z xalqini qutlayotganday edi.
Buyuk adibning 125 yilligi Yangi O‘zbekistonning mustahkam asoslari barpo etilayotgan vaqtlarda o‘tayotganida behad teran ramziy ma’noga ega. Buni hamma, butun xalqimiz anglab, his qilib turibdi. Shu kuni Prezidentimiz Abdulla Qodiriy ijod maktabida bo‘ldi, o‘quvchilar bilan qizg‘in, alangali uchrashuvlar o‘tdi. Barcha yulduzlar ko‘kdan yerga tushdi. Bular Qodiriy nasllari edilar. Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat, Behbudiy, Avloniy orzu qilgan nasl.
Prezidentimiz yangi, go‘zal muzeyda adiblar, ziyolilar, faollar, nuroniylar bilan uchrashdi. Behad samimiy suhbat, ochiq muloqot bo‘ldi. Prezidentimiz Abdulla Qodiriy va uning safdoshlarini ozodligimizning fidoyilari, mehr quyoshi, mangu tirik ajdodlarimiz, deb ta’rif berdi.
Shu kuni misoli Abdulla Qodiriy qayta tug‘ildi. Suhbatda Prezidentimiz qadriyatlarni qadrlash, ko‘z qorachig‘idek asrash, o‘zlikni anglash jarayonlarini izchil tezlatish, chuqurlashtirishga asosiy diqqat-e’tiborni qaratdi.
Qodiriyning 125 yilligi, mamlakatimizdagi yorqin bunyodkorlik harakatlari bilan birga O‘zbekistonda Uchinchi Renessans davri boshlanganini ilk marta ma’lum qildi.
Uchinchi Renessans – bu qayta yaralish, tiklanish, haqiqiy yuksalish, o‘zlikni yangidan anglash – uzluksiz kashfiyotlar, ixtirolar!
Adiblar xiyobonidan boshlanmadimi bu Renessans! Navoiy bog‘laridan, Bobur bog‘laridan, Qodiriy bog‘ida davom etmayaptimi bu Uchinchi Renessans!
Ijod maktablari, Prezident maktablari, Amir Temur maktablarida davom etmayaptimi Renessans va yosh qalblarning ixtirolari!
Olamda bugun qo‘rqinchli ekologik talofatlar yuz berib, qit’alarni suv bosayotgan, asriy muqaddas muzliklar yemirilayotgan, cheksiz o‘rmonlar yonayotgan bir davrda Prezidentimiz rahnamoligida O‘zbekiston Uchinchi Renessans – yuksalish harakatlariga butun xalqimizni safarbarlikka chorlamoqda.
Adolat, ezgulik, milliy mentalitetimiz asosi bo‘lgan himmat, hamiyat onglarga harakat dasturi kabi o‘rnashmoqda.
Zero, buyuk Qodiriyning barcha asarlari – himmat va hamiyat timsoli. Shu timsollari bilan Uchinchi Renessans yaratuvchi qudratga egadir.
Ibrohim G‘AFUROV,
san’at arbobi.
Manba: “Nuroniy” gazetasi