Poytaxtimizdagi Alisher Navoiy nomidagi Kino uyida Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan "Cinerama entertainment" studiyasi tomonidan suratga olingan «Abdulla Qodiriy» hujjatli filmi keng jamoatchilikka namoyish etildi.
Tadbirning badiiy qismi muhtasham Adiblar xiyobonida adib haykali poyiga gulchambar qo‘yish bilan boshlandi. So‘ng kinozalda Abdulla Qodiriy nomidagi Ijod maktabi o‘quvchilari va Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti talabalari ishtirokida badiiy kecha tashkil etildi.

–Ulug‘ adib Abdulla Qodiriy haqida anchadan buyon film ishlash niyatim bor edi, –deydi rejissyor Umid Hamdamov. –Hujjatli filmimizda imkon qadar adibning jamoatchilikka mavhum, hali oshkor etilmagan, qiziqarli ma’lumotlarni kiritishga urindik. Jamoamiz bilan birgalikda o‘sha davr muhitini, kayfiyatini kadrlarda aks ettirishga harakat qildik. Intervyularni ham imkon qadar Abdulla Qodiriy ijodi va shaxsiyati bilan tanish ijodkorlardan oldik. Imkon berilsa, adib haqida badiiy film ham yaratgan bo‘lar edim.

«Abdulla Qodiriy» hujjatli filmi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 20 may kuni Toshkent shahrida tashkil etilgan Adiblar xiyoboniga tashrifi davomida berilgan topshiriqlari asosida yaratilgan. O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlab suratga olingan ushbu kartinaning ssenariysini Farrux Jabborov, Iqbol Qo‘shshayeva va Umid Hamdamovlar yozgan. Kartinada arxiv hujjatlardan unumli foydalanilgan. Abdulla Qodiriy boshdan kechirgan qiyinchiliklar oshkora, bo‘yoqlarsiz ko‘rsatilgan. «O‘tgan kunlar» va «Mehrobdan chayon» kabi badiiy filmlardan parchalar kiritilgan.
D.Mamatova, O‘zA