U asarni qay holatda yozardi, unga kimlar ilhom bergan?

O‘zbek romanchiligi asoschisi, milliy adabiyotimizda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan Abdulla Qodiriy asarlarini mana, qariyb 100 yil o‘tsa-da, kitobxonlar qo‘lidan tushirmay, qalblariga yaqin tutib mutolaa qilmoqda. Bundan seziladiki, Qodiriyning badiiy asardagi latofatli so‘zi o‘quvchini o‘ziga jalb qilmoqda. U asarni qay holatda yozardi, unga kimlar ilhom bergan? Roman, qissa va hikoyalaridagi qahramonlar prototiplari haqidagi mulohazalar esa turlicha.

Toshkent davlat texnika universiteti professori Azmiddin SADRIDDINOV Abdulla Qodiriy asari qahramonlari prototiplari, ota-bobolarining adib bilan uchrashuv xotiralari haqida O‘zA muxbiriga so‘zlab berdi:

– Habibullo Qodiriyning “Otam haqida” kitobida mening katta otam (bobom) Said Kamolxon domla va otam Sadriddinxon ustazodalar tilga olingan. Birinchi jahon urushi boshlanishi arafasiga qadar bobom Peterburgda nufuzli oliygohlardan birida o‘qituvchilik qilgan. Ungacha Hadradagi rus-tuzem maktabida 1896-1912 yillar o‘zbek va fors tillaridan dars bergan. Abdulla Qodiriy ham aynan o‘sha maktabda o‘qigani taxmin qilinadi. Anglashiladiki, bobom bilan Abdulla Qodiriy faqatgina qo‘shni yoki hamsuhbat emas, ustoz-shogird munosabatlarini ham yo‘lga qo‘ygan. Bobom O‘rta Osiyo davlat universiteti (SAGU)da sharq fakul’tetida ham ishlagan, so‘ng Beshyog‘och dahasida mas’ul lavozimni bajargan obro‘li va ziyoli inson bo‘lgani uchun ham adib bilan so‘zlari bir joydan chiqqan.

Habibullo Qodiriy “Otam haqida” kitobida katta otam Said Kamolxon domlani “Kamolxon domla bizning shahar hovlimizga hammahalla, dadamdan 15 yoshlar katta, baland qomatli, cho‘ziq oq yuzli, hiyla o‘qimishli, zakiyta’b, tadbirkor, salobat-shijoatli, nufuzli, rus tilini yaxshi biluvchi kishi edi”, deb yozib qoldirgan (179 bet). Shuningdek, bobomni tabobatdan xabari bor, o‘zbek adabiyotiga befarq bo‘lmagan odam, deb tasvirlaydi. Yoshligida tobi qochib bobomning dala hovlisida dam olgani ham qayd qilingan. Muolaja bilan birga bobom unga Fitratning “O‘zbek adabiyoti namunalari” kitobini o‘qitganini iliq eslaydi. Abdulla Qodiriy har juma kuni o‘g‘lini ko‘rgani borar, bobom bilan esa kechgacha islom dini taraqqiyoti, Sharq mumtoz adabiyoti va yangilanayotgan adabiyot masalalarida suhbatlashar ekan.

Menga aynan “O‘tkan kunlar” asaridagi Yusufbek Hoji obrazida bobomdagi ko‘p xarakterlar ko‘zga tashlansa, “Obid ketmon” asaridagi Xatib domla obrazidagi hammaboplik, tadbirkorlik xislatlari ham aynan bobomni eslatadi.

Abdulla Qoliriy keng mushohadakor, samimiyati baland inson bo‘lgan. Ilm egallashda bilmaganini so‘rab o‘rganishdan erinmagan. Katta otamning maslahati bilan adib “Mehrobdan chayon” asarini yozishga kirishishdan oldin bobomning katta akalari – G‘iyosiddinxo‘jadan fikr olgan va uning Eshonguzardagi xonadoniga bir oy qatnagan. Chunki bobomning akalari Qo‘qon xoni Xudoyorxonning munshiy mirzolaridan biri bo‘lib faoliyat yuritgan. Asardagi aniq ma’lumotlarga tayanib ishlatilgan voqeliklar aynan bobomning akalari – G‘iyosiddinxo‘jadan olingan bo‘lsa, ajab emas.

Abdulla Qodiriy biror bir asar yozishga kirishishdan oldin jiddiy tayyorgarlik ko‘rar ekanlar. Toshkentda havolar isib ketgan mahali adib yangi asari ustida ishlayotgan edi. Shunda otam – Sadriddinxondan Toshkentning bahavo yeridan joy ajratib berishini so‘raydi. Otam To‘ytepadagi bolalar uyida rahbar bo‘lgan, qo‘l ostida ishlaydigan Obid ismli bog‘bonning dala-hovlisini tavsiya qilgan. Obid aka yaxshigina bog‘bon bo‘lgan. Bunda uning mahoratidan Abdulla Qodiriy ham lol qolgan. Obid aka daraxtning pustlog‘i orasiga qirq og‘ayni atirguli poyasini singdirib yuborib, daraxt tepasida gul ochirgan bog‘bon bo‘lgan. Aynan “Obid ketmon” asari Obid akaning uyida yozilgan. Men esa Obid ketmon Obid akaning o‘zi bo‘lgan, deb o‘ylayman.

Otam rahbarlik qilgan maktabda 1926 yil bahor faslida Abdulla Qodiriy bilan uchrashuv bo‘lib o‘tgan ekan. Ular Obid aka bilan otda hamroh bo‘lib maktabga kirib kelganini shu vaqtda maktabda o‘qigan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan va texnika arbobi, texnika fanlari doktori (rahmatli) Abbos Ashrapov o‘zining “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida e’lon qilgan maqolasida qayd etgan (1990 yil 26 yanvar sonida).

Ziyoli oilada tug‘ilganim bilan faxrlanaman. Ota-bobomning milliy adabiyotimiz faxri bo‘lgan Abdulla Qodiriy bilan hamsuhbat, hamfikr bo‘lgani esa qalbimga yanada g‘urur baxsh etadi.

Dilobar MAMATOVA yozib oldi.

Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Abdulla Qodiriy asarlari qahramonlari prototiplari haqida...