Ijodga g‘oyat katta mas’uliyat bilan yondashish, fikrni ravon, lo‘nda ifodalash, o‘z-o‘ziga talabchanlik, shogirdparvarlik atoqli ustoz adib Abdulla Qahhorga xos fazilatlardan edi.
O‘zbekiston xalq yozuvchisi, dramaturg va tarjimon Abdulla Qahhor tug‘ilgan kun munosabati bilan bir guruh ijodkorlar yozuvchining poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonidagi haykali poyiga gul qo‘yib, Qahhor asarlarining adabiyotimizda tutgan o‘rni va ahamiyati haqida fikr yuritdi.
Shu kuni Toshkent shahar Yakkasaroy tuman hokimligi, Madaniy meros agentligi tizimidagi Abdulla Qahhor uy-muzeyi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda XX asr o‘zbek adabiyotining yirik namoyondasi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Abdulla Qahhor tavalludining 117 yilligi hamda mohir tarjimon va adabiyotshunos olima Kibriyo Qahhorova tavalludining 110 yilligi munosabati bilan Abdulla Qahhor uy-muzeyida «Abdulla Qahhor mohir hikoyanavis» nomli adabiy, ilmiy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirda Yakkasaroy tuman hokimligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti professorlari, adabiyotshunos olimlar, shoirlar, ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Adabiy tadbirda ustoz ijodkor Abdulla Qahhor asarlarining ahamiyati, o‘ziga xosligi xususida batafsil fikr yuritildi. Shuningdek, XX asr o‘zbek adabiyotining yirik namoyondasi Abdulla Qahhor hamda Kibriyo Qahhorovaning birgalikda yashagan hayot va ijod yo‘llari to‘g‘risida so‘zlovchi «Chorak asr hamnafas» kitobining uchinchi nashri taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ushbu kitobda Kibriyo Qahhorovaning adib bilan o‘tkazgan 25 yillik hayotining eng sohir lahzalari haqida hikoya qilinadi.
Ushbu tadbir Abdulla Qahhor hamda Kibriyo Qahhorovaning adabiy merosini yosh avlodga yetkazish va keng targ‘ib qilish maqsadida tashkil etildi. Abdulla Qahhor ijodidagi fikrni qisqa va lo‘nda ifoda etish, milliy ruh, voqeliklarni teran ifoda etish mahorati adabiyotshunos olimlar tomonidan yuksak e’tirof etilgan. Ayni paytda Abdulla Qahhor ijodining yetuk va barkamolligida adabiyot bilimdoni, mohir tarjimon, noshir, jurnalist Kibriyo opa Qahhorovaning xizmatlari beqiyosdir.
Tadbirda so‘zga chiqqan ishtirokchilar har ikki ijodkorning adabiyotga qo‘shgan munosib hissasi haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
N.Usmonova, O‘zA