Abdulla Oripov ijod maktabida uchrashuv
Qarshi shahridagi Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Abdulla Oripov nomli ijod maktabiga “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi, falsafa fanlari doktori, professor, Xalqaro toifadagi Notiqlik bo‘yicha murabbiy Jamila Shermuhammedova tashrif buyurdi.
Dastlab J.Shermuhammedova O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov haykaliga hurmat bajo keltirdi, muzeyda shoirning ijodi, butun hayoti va shaxsi aks etgan eksponantlar hamda fotosuratlar bilan tanishdi, musiqa to‘garagining yosh sozandalari ijrosidagi o‘zbek milliy kuylaridan, yosh rassomlarning ijod namunalaridan bahramand bo‘ldi.

Faollar zalida “Ma’naviyat – yoshlar ko‘zgusi” mavzusida ma’rifiy suhbat bo‘lib o‘tdi.
Yangi O‘zbekistonning strategiyasi, yoshlar vatanimizning yangi uyg‘onish davrini yaratishda qanchalik faol, qanchalik ta’sir etayapti, hozirgi yosh avlod kelajakda o‘z istiqbolini qanday tasavvur qiladi, yoshlarning maqsad va orzu-umidlari kabi masalalar yuzasidan fikr almashildi. Suhbat davomida Jamila Shermuhammedova o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Uchrashuvning ikkinchi qismida Jamila Shermuhammedova tomonidan o‘quvchilar va pedagog xodimlar uchun seminar trening tashkil etildi. Trening davomida komil inson tarbiyasi, ma’rifatli jamiyat sari, ta’lim va ma’rifat uyg‘unligi, shaxs va uning jamiyatda tutgan o‘rni haqida ochiq, samimiy va qiziqarli ruhdagi jonli muloqot, shuningdek, o‘quvchilarning hayotga, kelajakka bo‘lgan ishonchi va rag‘batini yanada kuchaytirishga qaratilgan turli xil psixologik mashqlar o‘tkazildi.

Tadbir so‘nggida uning qanchalik darajada samarali bo‘lgani yoki tadbir boshida ko‘zlangan maqsadga qanchalik erishilgani nimalarda namoyon bo‘ladi? Yoshlarning ko‘zlaridagi uchqunlardami, mamnunlik ifodasi zohir bo‘lgan yuz qiyofalardami? Yoki bir so‘z aytishga iymanib o‘zini chetga tortgan o‘quvchining ham tadbir davomida orttirgan o‘z taassurotlarini bo‘lishgisi kelganidami? Ilhomi jo‘shib shu zahotiyoq qog‘oz qoralagan yosh ijodkorning she’riy mashqidami?
Tadbir davomida yuqoridagi vazifalarning barchasi amalga oshdi, o‘quvchilarning shaxsiy o‘sish borasidagi maqsadlari yanada qat’iylashdi, orzulari sari tashlangan odimlari tezlashgandek, kattalashgandek bo‘ldi.
O‘lmas Barotov, O‘zA