Hikmat atalgan atoqli ulug‘ shoir Abdulla Oripov ijodiy merosi mamlakatimizda hamisha qadrlanadi.
Davlat madhiyasi muallifi, O‘zbekiston Qahramoni bo‘lgan yetuk jamoat arbobining badiiy asarlari, ibratli hayoti bugunimiz va ertangi yoshlar ravnaqi uchun arzirli dasturilamal, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 2 dekabrda qabul qilingan qarori asosida ulug‘ shoir Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligini munosib nishonlash borasida muhim ishlar amalga oshirilmoqda.
Darhaqiqat, Qarshi shahrida bunyod etilgan Abdulla Oripov muzeyi, qadrli shoirimiz nomidagi maktab-internatda adib ijodi va hayotiga oid xotira kechalari orqali bugungi yoshlar uning shaxsiyatini anglab bormoqda.
Marhum adibning tavalludiga bu yil 21 mart kuni 80 yil to‘ladi.
Shu munosabat bilan ijodkor xotirasini yod etib, yoshlar uchun saboq bo‘lmog‘i umidida Abdulla Oripov haqida turli yillarda nashr etilgan kitoblar, maqolalar, esse va taqrizlar yagona muqovalar ostida jamlanmoqda. Natijada bir necha qismdan iborat yangi kitob yuzaga keldi.
Kitobning birinchi qismi «Abdulla Oripov siyrati» deb nomlangan. Unda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, yuridik fanlar doktori, professor Akmal Saidovning shoir bilan qariyb o‘ttiz yillik muloqotlari asnosida qog‘ozga tushirilgan esse, maqola va xotiralari joy olgan.
Kitobning bu qismi nomini tanlashda ijodkorning «Surat va siyrat» she’ridagi quyidagi satrlarga tayanildi:
Mayli suvratimga boqqilu quvon,
Lekin siyratimga tashlama nazar.
Bir yoqdan tuganmas baxt berdi jahon,
Bir yoqdan tuganmas o‘kinch va kadar.
Kitobning ikkinchi qismi «Buyuklar kahkashonida» deb nomlandi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi professor, she’riyat muxlisi Qalandar Abdurahmonovning xotira essesi joy olgan.
Xususan, Abdulla Oripovning she’riy asarlari, italyan shoiri Dante Alig’rining shoh asari – «Ilohiy komediya»ning o‘zbek tiliga tarjimasi hamda Italiyadagi «Dante festivali»da birga ishtirok etgan unutilmas onlari haqida samimiyat bilan fikr yuritilgan.
Kitobning uchinchi qismi esa «Jondek aziz xotira» deb nomlangan. Unda Abdulla Oripov hayotining so‘nggi yillarida shoirni ziyorat qilib borgan insonlar bilan bo‘lgan gurunglar, samimiy suhbatlar ufurib turgan yodnomalar o‘rin olgan.
Kitobning to‘rtinchi qismi «Yurt tanho, Vatan tanho: Abdulla Oripov yodi matbuot ko‘zgusida» deb nomlangan. Ushbu qism ardoqli shoir vafotidan keyin ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan xotira, yodnoma va xabarlarni o‘zida mujassam etgan.
Kitobga «O‘zbekiston – dilbar Vatanim» degan jarangli nomni tanlashda ham shoirning mashhur «Bahor» she’ridagi:
«Bahoring muborak bo‘lsin ushbu dam,
Mening O‘zbekiston – dilbar Vatanim», degan misralari asos bo‘ldi.
Har gal Abdulla Oripovning she’ru dostonlari o‘qilganida va go‘zal misralariga bastalangan qo‘shiqlar yangraganida beixtiyor yoshlik va bahorni qo‘msab entikamiz.
Ulug‘ ijodkor bugun oramizda yo‘qdir, ammo uning hikmatli va marvariddek sof misralari yaralishiga turtki bo‘lgan hayoti va ijodi haqida ayni bahor ostonasida ushbu kitob orqali bahramand bo‘ling!
Abdulaziz RUSTAMOV