Abdulla Avloniy - buyuk shoir, yozuvchi, dramaturg, pedagog, jurnalist va xalq arbobi, o‘zbek madaniyati va adabiyotining asoschilaridan biri. U o‘zbek pedagogikasi, dramaturgiyasi, milliy teatri, jurnalistikasi, bolalar adabiyotini yangi darajaga olib chiqqan.
Abdulla Avloniy 1878 yilning 12 iyulida Toshkent shahrida tug‘ildi. U yoshlikdan mustaqil mutolaa bilan shug‘ullanib, o‘z bilimini oshirib bordi. 1907 yildan matbuot ishlarida faol ishtirok eta boshladi. 1909-1917 yillar Avloniy ijodiy faoliyatida katta burilish yasadi. U "Shuhrat“ gazetasini va "Tong“ jurnalini tashkil etishda, "Jamiyati xayriya“ni ochishda yetakchilik qildi.
A.Avloniy "Adabiyot yoxud milliy she’rlar“ nomli to‘rt qismdan iborat to‘plamning birinchi kitobini, "Birinchi muallim" va "Ikkinchi muallim“ deb nomlangan o‘quv kitoblarini chop ettirdi.
Abdulla Avloniy o‘ttiz yildan ortiqroq badiiy ijod bilan shug‘ullandi. Uning madaniyatimiz tarixiga qo‘shgan hissasi beqiyosdir. Ayniqsa, pedagogik faoliyati, ta’lim-tarbiya borasidagi ishlari ibratlidir. U Davlat ilmiy kengashida, Terminologiya qo‘mitasida, bir necha nashriyotlarda xizmat qildi.
1931 yilda O‘rta Osiyo davlat universitetining "Til bilimi“ kafedrasida professorlikka tasdiqlandi. 1933 yilda Abdulla Avloniy o‘rta maktablarning 7-sinfi uchun adabiyot majmuasini tuzdi. Uning ta’limiy-axloqiy asarlari orasida "Turkiy guliston yoxud axloq“ kitobi alohida ahamiyatga egadir.
Batafsil ma’lumot bilan videolavhada tanishishingiz mumkin.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/giCebhUoVYk" title="Abdulla Avloniy" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>M.Turdaliyeva, A.Ahmedov (video), O‘zA