“O‘zbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov boshchiligidagi ishchi guruh Namangan viloyatida bo‘ldi.
Xizmat safari doirasida ishchi guruh Katta Andijon kanalida kichik GESlar kaskadi qurilishi loyihasi doirasida barpo etilayotgan “Beshqo‘rg‘on”, “Qo‘g‘ay-2” va “Qo‘g‘ay-1” kichik GESlar qurilishi ob’ektlari bilan tanishdi.
Mazkur loyihaning umumiy qiymati 54,7 million AQSH dollariga teng. 23 MVtni tashkil etadigan ushbu kichik stansiyalar 172,5 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega.
Loyiha qurilishida xorijiy hamkor sifatida Xitoyning “CITIC Bank” banki va bosh pudratchi sifatida “CNTIC” kompaniyasi ishtirok etmoqda.
Loyihada 51 ta ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan. Joriy yilning oxiriga qadar ushbu kichik GESlar foydalanishga topshirilishi rejalashtirilmoqda.
Ahamiyatlisi, ushbu loyiha Namangan viloyatining gidroenergetika salohiyatini yanada oshirish va mintaqa uchun yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qiladi.
[gallery-22649]
Tanishuv yakunida boshqaruv raisi qurilish jarayonlarining sifatini ta’minlash maqsadida mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA