Germaniyada Tomorrow Bio nomli startap o‘ziga xos xizmatni taklif eta boshladi — bu xizmat orqali odamlar o‘limidan keyin jasadlari kriokonservatsiya texnologiyasi yordamida muzlatib qo‘yiladi.
Maqsad — kelajakda ilm-fan rivojlanib, bu insonlarni tiriltirish imkoni yuzaga kelishiga umid qilish.
Ushbu g‘ayrioddiy loyiha haqida Hindustan Times nashri xabar berdi. Ma’lum bo‘lishicha, Tomorrow Bio allaqachon bir nechta mijozlarga ega va bu xizmatga qiziqish tobora ortib bormoqda. Kompaniyaning fikricha, bugungi kunda odamlarni tiriltirish texnologiyasi mavjud bo‘lmasa-da, kelajakda tibbiyot va biologiya sohalaridagi yutuqlar bu orzuni ro‘yobga chiqarishi mumkin.
Jarayon quyidagicha amalga oshadi: odam vafot etgach, uning jasadi imkon qadar tezkor ravishda muzlatiladi va maxsus sharoitda saqlanadi. Bu orqali hujayralar shikastlanmasdan saqlanib qolishi va kelgusida tiriltirish uchun asos bo‘lishi mumkin. Jasadni saqlab qo‘yish jarayonida tana 198 darajagacha sovitilib, “biostaz” holatiga o‘tadi. Organizmdagi barcha biologik jarayonlar to‘xtaydi. Loyiha egalari kelajakda muzlatilgan jasadlarni tiriltirish mumkinligiga, xususan bunga qodir texnologiyalar yaratilishiga ishonch bildirmoqda. Ular mijozlarga 2 xil tanlov beradi: butun tanani muzlatish taxminan 200 ming yevro, faqat miyani muzlatish esa 75 ming yevro turadi.
Kriokonservatsiya g‘oyasi ilmiy hamjamiyatda munozaralarga sabab bo‘lsa-da, bu yo‘nalishda ish olib borayotgan kompaniyalar soni ortib bormoqda. Tomorrow Bio esa Yevropada bu boradagi yetakchi loyihalardan biri bo‘lishni maqsad qilgan.
Mutaxassislarning aytishicha, kriogen saqlash texnologiyasi hali dastlabki bosqichda bo‘lsa-da, bu kabi tashabbuslar kelajakda hayot va o‘lim haqidagi tushunchalarni tubdan o‘zgartirishi mumkin.
<iframe width="791" height="445" src="https://www.youtube.com/embed/bBgIHJwP58g" title="“Abadiy uyqu” tiriklikka yo`lmi?Germaniyada" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Madinabonu Nasriyeva, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA