O‘zbekiston lalmi yerlarida pistazorlar barpo etiladi
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida ulkan o‘zgarishlar: Prezident farmoni ijrosi doirasida Samarqandda Eron investorlari bilan hamkorlikda yirik pistazorlar barpo etilmoqda. Bu loyiha mintaqa iqtisodiyotiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Sanoat usulidagi intensiv mevali bog‘lar barpo etish va eskirgan bog‘larni yangilashni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmoni ijrosi doirasida, Agrosanoatni rivojlantirish agentligi direktori Nurali Abdullayev Samarqand viloyatida bo‘lib, amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi. Xususan, Paxtachi tumanining "Do‘ng" mahallasida lalmi yaylov yerlaridan samarali foydalanish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi.

Agentlik direktori tuman hokimi Qayum Xushboqov hamrohligida 5 ming kub metr hajmdagi qurilayotgan va kelajakda 16 ming kub metr hajmda barpo etilishi rejalashtirilgan suv havzalarini ko‘zdan kechirdi. Shuningdek, loyiha doirasida dastlab 500 gektar, keyinchalik esa 1000 gektarga kengaytirish ko‘zda tutilgan pistazor maydoni bilan tanishildi. Mazkur pistazorni barpo etishda Eron Islom Respublikasi investorlari bilan hamkorlik muzokaralari olib borilmoqda. Loyihaga qiziqish bildirgan investorlar ayni kunlarda hududdagi yer maydonlarini o‘rganib, tuproq tarkibi va imkoniyatlarini aniqlash maqsadida namunalar olishmoqda.

Loyiha xalqaro bozorda yuqori talabga ega, yirik mevali, yuqori sifatli va eksportbop pista navlarini yetishtirishni maqsad qilgan. Pista daraxtlari agrotexnik sharoitlarga qarab 4-6 yilda dastlabki hosilni berib, to‘liq hosildorlik davrida intensiv parvarish orqali har gektardan 3 tonnagacha mahsulot olish imkonini beradi. Jahon bozorida bir kilogramm pista 14-15 dollar atrofida sotilmoqda.
Shu bilan birga, Namangan viloyatida ham bog‘ maydonlaridan samarali foydalanish bo‘yicha ishlar jadallashgan. Agentlikning Namangan viloyati bo‘limi boshlig‘i Bektosh Ahmadjanov Norin va Yangiqo‘rg‘on tumanlarida bo‘lib, Yangiqo‘rg‘on tumani hokimi Asadulla Najmiddinov bilan birgalikda samarasiz bog‘lar o‘rnida barpo etilayotgan zamonaviy intensiv bog‘ maydonlarini ko‘zdan kechirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoni ijrosi doirasida Agrosanoatni rivojlantirish agentligi tomonidan hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar yer resurslaridan samarali foydalanish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish va eksportbop, yuqori hosildorlikka ega intensiv bog‘larni barpo etishga yo‘naltirilgan tizimli yondashuvni namoyon etadi.

Samarqanddagi pistachilik loyihasi hamda Namangandagi bog‘larni yangilash jarayonlari ushbu maqsadlarga erishish yo‘lidagi aniq qadamlar bo‘lib xizmat qiladi.
Sanjar Toshpo‘latov,
O‘zA