A.Avloniy nomidagi qayta tayyorlash va malaka oshirish instituti negizida A.Avloniy nomidagi Xalq ta’limi akademiyasi tashkil etiladi
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Prezidentimizning “Xalq ta’limi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimi to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Prezidentimizning “Xalq ta’limi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimi to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.
Qaror loyihasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazlari negizida Pedagogik mahorat institutlari tashkil etiladi.
Xalq ta’limi sohasida fundamental, ilmiy va amaliy tadqiqotlarni rivojlantirish, soha xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv va metodik ishlarni hamda soha mutaxassislarining oliy ta’limdan keyingi ta’limini yanada takomillashtirish maqsadida A.Avloniy nomidagi Xalq ta’limi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti negizida A.Avloniy nomidagi Xalq ta’limi akademiyasi tashkil etiladi.
Akademiyada “Ta’lim sohasi menejmenti” va “Kattalar ta’limi” (“Androgogika”) mutaxassisliklari bo‘yicha amaliyotchi pedagoglar tarkibidan yuqori malakali ta’lim sohasi menejerlari hamda mutaxassislarini tayyorlaydigan 1 yillik magistratura faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Akademiya A.Avloniy nomidagi Xalq ta’limi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti, Pedagogik mahorat institutlari o‘z navbatida tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazlarining huquqlari va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
Akademiya va Pedagogik mahorat institutlari rahbarlari, professor-o‘qituvchilari va boshqa xodimlariga oliy ta’lim muassasalarining tegishli lavozimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash miqdorlari va shartlari tatbiq etiladi. Bunda, bir nafar o‘qituvchi hisobiga to‘g‘ri keladigan tinglovchilar nisbatining cheklangan normativlari oliy ta’lim muassasalari uchun belgilangan bir nafar o‘qituvchi hisobiga talabalar soni nisbatining cheklangan normativlaridan 25 foiz past etib belgilanadi.
Qaror loyihasiga ko‘ra, an’anaviy malaka oshirish bilan bir qatorda kasbiy o‘quvlarning masofaviy (Moodle, E-learning, Web-based training) va uyg‘unlashgan (blended-learning) kabi samarali shakllarini, shuningdek, xalq ta’limi xodimlari malakasini oshirishning belgilangan davriylikka rioya qilingan holda, tajriba tariqasida, xodimlarni har yili o‘qishga jalb qilishni nazarda tutuvchi kredit-modul mexanizmi bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Shuningdek, qaror loyihasida tajriba tariqasida, pedagog kadrlarning har yili tashkil qilinadigan qisqa muddatli malaka oshirish kurslari va undan keyingi davrda fanlar bo‘yicha tayanch maktablarida ishdan ajralmagan holda o‘tkaziladigan (on-the-job training) doimiy o‘quvlardan iborat uzluksiz kasbiy rivojlantirish hamda xalq ta’limi xodimlarining uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimi faoliyatini tashkil qilish va har bir xodimning o‘z individual traektoriyalari bo‘yicha malaka oshirishi jarayonlarini monitoring qiluvchi yagona ma’lumotlar bazasiga asoslangan elektron platformani yaratish va amaliyotga joriy etiladi.