Qonunbuzilishning oqibatini panjara ortida anglashni kutmaslik kerak
Ko‘chmas mulk, yer ajratish va hujjatlashtirish sohalari uzoq yillar davomida korrupsiyaviy xavf-xatarlar eng yuqori bo‘lgan tizimlar qatorida tilga olinar edi. Chunki sohadagi ochiqlikning yetishmasligi va ortiqcha byurokratiya turli suiiste’molchiliklarga yo‘l ochardi. Biroq, bugun vaziyat tubdan o‘zgarmoqda. Sohada korrupsiyaga qarshi qat’iy choralar ko‘rilmoqda.
Xususan, Kadastr agentligi va Davlat kadastrlari palatasi Toshkent shahar boshqarmalari mas’ul xodimlari ishtirokida Toshkent viloyatidagi 48-son manzil-koloniyasida profilaktik tadbir tashkil etildi. Unda ishtirokchilar jazoni ijro etish muassasasidagi sharoitlar, saqlash kameralari va infratuzilma bilan tanishtirildi.
Tadbirda qayd etilganidek, jinoyatchilik, korrupsiya kabi illatlarga qarshi kurashishda uning huquqiy oqibatlarini aniq hayotiy misollarda ko‘rish, uni yaqindan his etish kutilgan natijaga tezroq erishishni ta’minlaydi.

Bunday uchrashuvlar davlat xizmatchilarida korrupsiyaviy huquqbuzarliklarning muqarrar huquqiy va ijtimoiy oqibatlari haqida aniq tasavvur hosil qilish, xizmat vazifalarini halollik va qonun ustuvorligi tamoyillari asosida bajarish mas’uliyatini kuchaytirish hamda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan.
Korrupsiyaga qarshi kurash – faqat huquqiy talab emas, balki har birimiz uchun ma’naviy burch. Chunki halollik – farzandlarimizning kelajagi uchun qo‘shgan eng katta hissamiz.
O‘tkazilgan tadbirning eng ta’sirli va esda qolarli voqeasi bevosita mahkumlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqot bo‘ldi. Unda o‘ylamay bosgan qadami, noto‘g‘ri qarori bilan bugun qilmishidan nadomat chekayotgan kimsalarning achchiq qismati va panjara ortida chiqargan xulosalari hech kimni bee’tibor qoldirmadi.

–Davlat xizmatchisi uchun halollik — xalq ishonchi va yuksak mas’uliyat mezoni, – dedi Davlat kadastrlari palatasi Toshkent shahar boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha bosh mutaxassis Mahmudjon Azimov. – Har qanday vaziyatda qonun va vijdonga tayanish, korrupsiyaviy takliflarga qat’iy rad javobini berish har bir xodimning burchidir. Bugun panjara ortida o‘tgan hayotini sarhisob qilayotgan insonlarning pushaymoni ertaga boshqalar uchun achchiq saboq bo‘lishi kerak. Zero, «So‘nggi pushaymon — o‘zingga dushman» degan hikmat bejiz aytilmagan. Qilmish sodir etilgandan keyingi nadomat yo‘qotilgan erkinlikni, singan ishonchni hamda vaqtni qaytarib bermaydi.

Hech bir manfaat erkinlikdan, oila tinchligidan va halovatdan ustun emas. Bir lahzalik nafs deb yillar davomida asralgan obro‘ni yo‘qotish, bir og‘iz va’da yoki bir noto‘g‘ri qaror bilan butun hayotni xavf ostiga qo‘yishga arzimaydi.
Ushbu profilaktik tashrifdan ko‘zlangan maqsad ham aynan shu: har bir xodimni qilmishning oqibatini oldindan anglash, har qanday vaziyatda qonun va vijdonga tayanish, korrupsiyaviy takliflarga qat’iy rad javobini berishga undashdir. Xatoga yo‘l qo‘ymaslik — eng to‘g‘ri qaror. Qonunbuzilishning oqibatini panjara ortida anglashni kutmaslik kerak.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA