Ilk bor «Temur tuzuklari» belarus tilida nashr etildi
Amir Temurning mashhur «Temur tuzuklari» asari ilk bor belarus tilida nashr etildi.
Mazkur nashr O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, o‘zbek xalqining boy tarixiy va ma’naviy merosini xalqaro miqyosda targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
«Temur tuzuklari» — davlatchilik, boshqaruv va adolat tamoyillarini o‘zida mujassam etgan muhim tarixiy manba. Unda davlatni boshqarish, mamlakatda tartib-intizomni ta’minlash, adolatga amal qilish hamda jamiyat hayotini tashkil etishga oid qarashlar bayon etilgan. Shu bois asar nafaqat tarixiy, balki ma’rifiy ahamiyatga ham ega.
Asarning belarus tiliga tarjima qilinib, nashr etilishi Belarus kitobxonlariga Amir Temurning davlat boshqaruviga oid qarashlari, tarixiy tajribasi hamda o‘zbek xalqining milliy qadriyatlari bilan yaqindan tanishish imkonini beradi. Shu bilan birga, bu qadam ikki xalq o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Madaniy hamkorlik doirasida o‘zbek adabiyoti namunalarini belarus tilida nashr etish ishlarini davom ettirish ham rejalashtirilgan. Belarus davlat pedagogika universiteti vakillari kelgusida Zulfiya, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov va Cho‘lpon kabi o‘zbek adabiyotining yirik namoyandalari ijodini ham Belarus kitobxonlariga yetkazishga qiziqish bildirgan.
Mazkur tashabbus o‘zbek adabiyoti va tarixiy merosini xorijda keng targ‘ib qilish, milliy madaniyatimizni xalqaro miqyosda tanitish hamda xalqlar o‘rtasidagi ma’naviy yaqinlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.
Hamroz Bayonov,
O‘zA