O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida madaniy-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish muhokama etildi
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligida madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov boshchiligidagi delegatsiya hamda Xitoy tomoni vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasida kino sanoati, ko‘ngilochar industriya, media, investitsiya va ishlab chiqarish sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Xitoy delegatsiyasi tarkibida Xitoy davlat media guruhi «Goli» prezidenti Din Syaotsyan, «Tszinchen Kabel» kompaniyasi prezidenti Li Szyun, Shandong shosse guruhining mintaqaviy direktori Dun Chitsyan hamda Osiyo-Yevropa xalqaro investitsiya konsalting kompaniyasi prezidenti Eli Ali ishtirok etdi.

Muloqot davomida kino sanoatidagi hamkorlikni mustahkamlash, qo‘shma kinoloyihalarni amalga oshirish, filmlar ishlab chiqarish bo‘yicha tajriba almashish hamda ko‘ngilochar industriya sohasida yangi hamkorlik yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, media sohasiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ijodiy aloqalarni kengaytirish, ikki mamlakatning madaniy salohiyati va milliy qadriyatlarini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuvda investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, ishlab chiqarish sohasidagi mavjud imkoniyatlarni o‘rganish hamda o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Muloqot yakunida tomonlar istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlarini rivojlantirish, yangi loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganish va O‘zbekiston hamda Xitoy o‘rtasidagi madaniy-iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash muhimligini ta’kidladi.
N.Usmonova,
O‘zA