Indoneziyada Sirdaryoning raqamli imkoniyatlari namoyish etildi
Indoneziyada o‘tkazilgan «Raqamli O‘zbekiston» tadbirida Sirdaryo viloyatining raqamli texnologiyalar, IT xizmatlari va investitsiya sohasidagi imkoniyatlari xalqaro biznes vakillariga taqdim etildi.
Tadbirda 100 ga yaqin IT va BPO kompaniyalari, venchur fondlar, investorlar hamda texnologik biznes vakillari ishtirok etdi. Bu haqda Sirdaryo viloyati hokimining sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha maslahatchisi Oybek Anvarov ma’lum qildi.

Taqdimotlar davomida xorijiy kompaniyalar va investorlarga Sirdaryo viloyatining IT sohasidagi salohiyati, investitsiya imkoniyatlari, startaplarni moliyalashtirish mexanizmlari, «Zero Risk» dasturi, soliq imtiyozlari, bepul ofis maydonlari hamda IT kompaniyalari uchun yaratilgan boshqa shart-sharoitlar haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, tadbir doirasida IT kompaniyalari, BPO operatorlari, venchur fondlar va investorlar bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilib, hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Muloqotlarda Sirdaryoda yangi texnologik loyihalarni amalga oshirish, xalqaro kompaniyalarni hududga jalb etish, startaplarni qo‘llab-quvvatlash va IT xizmatlari eksportini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, xorijiy texnologik kompaniyalar bilan uzoq muddatli hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Bugungi kunda raqamli iqtisodiyotning jadal rivojlanishi hududlar uchun yangi investitsiya va eksport imkoniyatlarini ochmoqda. Shu nuqtai nazardan, Sirdaryoning xalqaro maydonda raqamli xizmatlar, IT va texnologik startaplar uchun istiqbolli hudud sifatida taqdim etilishi muhim ahamiyat kasb etadi.

Indoneziyadagi mazkur muloqotlar ham viloyatning raqamli salohiyatini xalqaro biznes hamjamiyatiga tanitish, yangi hamkorlarni jalb etish va texnologik loyihalarni amalga oshirish uchun yangi aloqalarni shakllantirishga xizmat qildi.
Eng muhimi, bunday xalqaro tadbirlarda Sirdaryoning raqamli imkoniyatlarini namoyish etish hududda IT sohasini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, zamonaviy xizmatlar eksportini kengaytirish va investitsiyalarni jalb etish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri