Qonunni chetlab o‘tib bo‘lmaydi
Buxoro aeroportida belgilangan me’yordan ortiq bo‘lgan 10 500 AQSH dollarini xorijga olib chiqishga urinish aniqlandi.
Xorijga safar qilish — yangi manzillar sari yo‘l olish, yangi imkoniyatlardan foydalanish demakdir. Biroq safar oldidan hujjatlarni tayyorlash, yo‘l xarajatlarini rejalashtirish bilan bir qatorda, amaldagi bojxona qoidalarini bilish va ularga qat’iy rioya qilish ham muhim. Zero, insonning huquqiy madaniyati faqat qonunlarni bilishi bilan emas, balki kundalik hayotda ularga amal qilishi bilan ham belgilanadi. Afsuski, bu boradagi tushuntirish va ogohlantirishlarga qaramay, ayrim fuqarolar belgilangan talablarni mensimaslik yoki ularni chetlab o‘tishga urinish holatlariga yo‘l qo‘ymoqda. Bunday harakatlar esa safar jarayonida ortiqcha ovoragarchiliklar keltirib chiqarishi, qonunchilikda belgilangan tartibda huquqiy choralar ko‘rilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Buxoro xalqaro aeroportida aniqlangan navbatdagi holat ham bugungi kunda bojxona qoidalarini bilish va ularga amal qilish qanchalik muhim ekanini yana bir bor ko‘rsatdi.
“Buxoro aeroporti” chegara bojxona posti hamda aviatsiya xavfsizligi nazorati xodimlarining hamkorligida xorijga belgilangan me’yordan ortiq naqd xorijiy valyuta olib chiqishga urinish aniqlandi. Ma’lum qilinishicha, “Buxoro — Vnukovo” aviareysi orqali xorijga uchib ketishga tayyorlanayotgan fuqarodan bojxona xodimi og‘zaki so‘rov orqali o‘zi bilan olib ketayotgan naqd xorijiy valyuta haqida so‘ragan. Fuqaro javobida belgilangan me’yordan ortiq mablag‘i yo‘qligini bildirgan. Biroq qo‘l yuki tekshirilganda, unda belgilangan me’yordan ortiq miqdorda — 10 500 AQSH dollari naqd xorijiy valyuta borligi aniqlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Holatga huquqiy baho tekshiruv natijalari va amaldagi qonunchilik talablari asosida beriladi.

Bu yerda e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihat shundaki, bojxona nazorati faqat deklaratsiya yoki og‘zaki savol-javob bilan cheklanmaydi. U belgilangan tartib-qoidalarga rioya etilishini ta’minlash, qonunbuzilish holatlarining oldini olish va davlat chegarasi orqali harakatlanayotgan tovarlar hamda valyuta mablag‘lari ustidan qonuniy nazoratni amalga oshirishga xizmat qiladi.
Naqd xorijiy valyutani O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali olib chiqish amaldagi qonunchilikda belgilangan talablar asosida amalga oshiriladi. Shuning uchun xorijga yo‘l olayotgan har bir fuqaro safardan oldin o‘zi bilan olib ketayotgan mablag‘ miqdori, belgilangan me’yorlar va zarur hollarda bojxona rasmiylashtiruvi tartibi haqida ishonchli ma’lumotga ega bo‘lishi kerak. Ayniqsa, valyuta mablag‘larini olib chiqishga doir talablar bilan tanishishda eski ma’lumotlar yoki boshqalarning tajribasigagina tayanib qolmaslik lozim. Qoidalarni vakolatli davlat organlarining rasmiy manbalari orqali tekshirish, tushunarsiz jihatlar bo‘lsa, bojxona xodimlaridan aniqlik kiritish safar oldidan to‘g‘ri qaror qabul qilishga yordam beradi.
Qonun talablarini bilmaslik ularga rioya qilish majburiyatini bekor qilmaydi. Shu bois har bir fuqaro safarga tayyorgarlik ko‘rishda huquqiy masalalarga ham yetarlicha e’tibor qaratishi zarur.
Bugun mamlakatimizda davlat chegaralari orqali harakatlanish jarayonlarini takomillashtirish, bojxona nazorati samaradorligini oshirish, qonunbuzilishlarning oldini olish va fuqarolarga qonuniy tartib-qoidalarni tushuntirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Davlat rahbari tomonidan ilgari surilayotgan qonuniylikni ta’minlash, davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va zamonaviy nazorat tizimlarini rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar ushbu sohadagi islohotlar uchun muhim yo‘nalish bo‘lib xizmat qilmoqda.
Bojxona va aviatsiya xavfsizligi xodimlarining hamkorligida aniqlangan mazkur holat nazorat jarayonida idoralararo hamkorlikning ahamiyatini ham ko‘rsatadi. Shu bilan birga, samarali nazoratning muhim tarkibiy qismi fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish, ularga belgilangan talablarni sodda va tushunarli tarzda yetkazishdan iborat.
Zero, qonunbuzilish sodir etilganidan keyin chora ko‘rish bilan birga, uning oldini olishga xizmat qiladigan tushuntirish ishlarini kuchaytirish ham muhimdir. Bu borada aeroportlarda axborot lavhalarini joylashtirish, valyuta olib chiqish qoidalari haqidagi ma’lumotlarni safar oldidan taqdim etish va yo‘lovchilarning savollariga aniq javob berish orqali profilaktik ishlarni yanada samarali tashkil etish mumkin.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri