Shavkat Mirziyoyev investor va tadbirkorlarning mulki qat’iy himoyada bo‘lishini ta’kidladi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent qurilishini jadallashtirish masalalari yuzasidan investor va tadbirkorlar bilan ochiq muloqot qilmoqda.
Muloqotda Prezidentimiz sarmoyadorlarni “xorijlik” va “mahalliy” deb ajratishga munosabat bildirdi.
– Kapitalning, ilg‘or g‘oyaning va halol mehnatning millati yo‘q! – dedi davlatimiz rahbari va O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun yangi g‘oya – “O‘Z” falsafasini ilgari surdi.
“O‘Z” – O‘zbekiston, O‘zgarish, O‘zlik va Mas’uliyat degani. Kimki yurtimizga sarmoya kiritib, zamonaviy texnologiya olib kelsa va odamlarga ish o‘rni yaratsa, qaysi mamlakat yoki shahardan kelganidan qat’i nazar, umumiy taraqqiyotga hissa qo‘shadi.
– Kimki Yangi Toshkentni yoki Shirinni biz bilan birga qursa, demak, u to‘laqonli o‘zimizniki! – dedi Prezidentimiz. Sarmoyadorlarning mulki va biznesi qonun, davlat va shaxsan o‘zining qat’iy himoyasida bo‘lishini qayd etdi.
Shundan so‘ng Prezidentimiz investorlar bilan muloqot qildi. Uchrashuvda bildirilgan takliflar e’tiborsiz qolmasligi, tez kunlarda tegishli qaror qabul qilinishi aytildi. Mamlakatimiz yetakchisi bir oydan so‘ng Yangi Toshkentga yana kelib, berilgan topshiriqlar ijrosini ko‘rib chiqishini ta’kidladi.
Yakunda davlatmiz rahbari investor va tadbirkorlarni “O‘z g‘oyang! O‘z sarmoyang! O‘z kelajaging! Yangi O‘zbekiston, Yangi Toshkent – o‘zimizniki!” degan yangi shior atrofida birlashishga chaqirdi. Yangi Toshkentda mamlakatimiz uchun muhim bo‘lgan ko‘plab o‘ziga xos loyihalar amalga oshirilishiga ishonch bildirdi.
O‘zA