Amudaryo va Sirdaryo bo‘yicha suv olish limitlari tasdiqlandi
Suv xo‘jaligi vazirligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, Turkmanistonning Avaza milliy turistik zonasida Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasining 95-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston, Turkmaniston, Qozog‘iston va Tojikiston vakillari Amudaryo va Sirdaryo suv resurslaridan oqilona foydalanish, suv taqsimoti va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
Shavkat Hamroyev 2026-yilgi vegetatsiya davridagi suv xo‘jaligi vaziyati haqida ma’lumot berib, suv resurslarini muvofiqlashtirilgan holda boshqarish, suv hisobi va monitoringini takomillashtirish hamda raqamli texnologiyalarni keng joriy etish muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, gidrologik vaziyat o‘zgarganda tezkor axborot almashish zarurligi qayd etildi.
Yig‘ilishda 2026-2027-yillardagi vegetatsiyalararo davr uchun Amudaryo va Sirdaryo havzalari bo‘yicha davlatlarning suv olish limitlari tasdiqlandi. Sirdaryo havzasida suv resurslarini avtomatlashtirilgan hisobga olish tizimini joriy etish bo‘yicha ishlar rejasini tayyorlash jarayoni ham ma’qullandi.
Tomonlar Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi vazifalar ijrosi, shuningdek, 2026-yil dekabr oyida Abu-Dabida o‘tkazilishi rejalashtirilgan BMTning Suv konferensiyasi va 2027-yil mart oyida Ar-Riyodda bo‘lib o‘tishi kutilayotgan 11-Jahon suv forumiga tayyorgarlik masalalarini ham ko‘rib chiqdi.
Komissiyaning navbatdagi, 96-yig‘ilishini O‘zbekistonda o‘tkazishga kelishildi. Tadbir yakunida tegishli bayonnoma imzolandi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA