IES tizimida muqobil energiya manbalaridan foydalanish qanday samara bermoqda?
Bugun Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazida “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ Ishlab chiqarish bosh boshqarmasi boshlig‘i G‘olib Salimyorov ishtirokida jamiyat tizimida muqobil energiya manbalarini joriy etish va energiya resurslarini tejash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan brifing o‘tkazildi.
Ta’kidlanganidek, jamiyat tizimida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish, elektr energiyasi iste’molini kamaytirish hamda tabiiy gaz resurslarini tejashga qaratilgan chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.
Xususan, tizimda umumiy quvvati 15,9 megavatt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalari qurilib, foydalanishga topshirilgan. 2026-yilning yanvar-sentabr oylarida ushbu stansiyalar orqali 14,6 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, 3,7 million kub metr tabiiy gaz tejaldi.
Shuningdek, korxonalarda energiya samaradorligini oshirish maqsadida 1 520 dona avtonom quyosh chirog‘i, 1 783 dona harakat datchigi hamda elektr dvigatellariga 181 dona chastota o‘zgartirgich o‘rnatildi. Amalga oshirilgan ushbu chora-tadbirlar natijasida 2026-yilning yanvar–sentabr oylarida qo‘shimcha 13,2 million kilovatt-soat elektr energiyasi tejalib, 3,3 million kub metr tabiiy gaz iqtisod qilindi.
Bundan tashqari, jamiyat tizimida quyosh suv isitish qurilmalarini mahalliy sharoitda yig‘ish ishlari ham yo‘lga qo‘yilgan. Ayni vaqtda korxonalarda har birining sig‘imi 200 litr bo‘lgan 117 ta quyosh suv isitkichi ishlab turibdi. Mazkur qurilmalardan foydalanish energiya resurslarini tejash va mahalliylashtirish jarayonlarini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Brifingda G‘olib Salimyorov ta’kidlaganidek, joriy yilning dastlabki to‘qqiz oyida quyosh fotoelektr stansiyalarida elektr energiyasi ishlab chiqarish va energiya tejamkor chora-tadbirlarini amalga oshirish natijasida jami qariyb 28 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi va tejaldi. Buning hisobiga 7 million kub metr tabiiy gaz iqtisod qilindi.
–Erishilayotgan natijalar nafaqat energiya resurslarini tejash va iqtisodiy samaradorlikni oshirish, balki atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirishda ham muhim ahamiyatga ega. Kelgusida ham quyosh energiyasidan foydalanish ko‘lamini kengaytirish, zamonaviy energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va korxonalarning ichki ehtiyojlari uchun sarflanadigan energiya miqdorini kamaytirish bo‘yicha ishlarni izchil davom ettiramiz, – dedi G‘. Salimyorov.
Qayd etilganidek, tabiiy gaz sarfining kamaytirilishi atmosferaga chiqariladigan karbonat angidrid miqdorini qisqartirishga ham xizmat qilmoqda. Umuman, muqobil energiya manbalarini joriy etish va energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar jamiyat tizimida resurslardan oqilona foydalanish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA