Sud mustaqilligi va sudyalar daxlsizligini ta’minlashning huquqiy kafolatlari kuchaytirildi
2026-yil 12-sentabrda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirdi.
Mazkur qonunda nazarda tutilgan me’yorlar va ularning ahamiyati haqida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Zumrad Bekatova bilan suhbatlashdik.
Mamlakatimizda sud-huquq tizimini isloh qilish, sud mustaqilligini ta’minlash borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
– Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jamiyatimizning barcha qatlamlari va aholining turli toifalarini qamrab olmoqda. Ayniqsa, qonun ustuvorligini ta’minlash, qonuniylikni mustahkamlash, inson qadri, insonparvarlik va adolat tamoyillarini qaror toptirish islohotlarning ustuvor yo‘nalishlariga aylangan.
Shu nuqtai nazardan, sud hokimiyati mustaqilligi va sudyalar daxlsizligini ta’minlash, odil sudlovni amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etish, fuqarolarning adolatli sudga bo‘lgan ishonchini oshirish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Konstitutsiyaviy islohotlar esa sud-huquq tizimini yangi bosqichga olib chiqish bilan birga, inson huquqlari va qonun ustuvorligi ta’minlangan odil sudlov asoslarini yanada mustahkamlamoqda.
Xususan, Konstitutsiyamizning 136-moddasida «Sudyalar mustaqildirlar, faqat Konstitutsiya va qonunga bo‘ysunadilar. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirishga doir faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi», degan qat’iy norma mustahkamlab qo‘yilgan.
«Sudlar to‘g‘risida»gi qonun yangi tahrirda qabul qilinib, unda sudyalar mustaqilligining asosiy kafolatlari belgilab berilgan.
Shunga qaramay, sudlar faoliyatiga aralashish holatlari hamon uchrab turibdi. Bu boradagi mavjud vaziyatni qanday baholaysiz?
– Darhaqiqat, amalga oshirilayotgan islohotlarga qaramasdan, sud-tergov faoliyatiga bevosita aloqasi bo‘lmagan shaxslar tomonidan sud ishlariga aralashish holatlari hali ham uchrab turibdi.
Tahlillarga ko‘ra, 2024-yilda sudlarga turli ko‘rinishda bosim o‘tkazish bilan bog‘liq 80 dan ortiq holat qayd etilgan, 460 holatda esa sudlar faoliyati obro‘sizlantirilgan.
2025-yilda esa 90 dan ortiq holatda sudlarga bosim o‘tkazilgan, 314 holatda sudlar faoliyati obro‘sizlantirilgan.
Albatta, bu kichik raqamlar emas. Mazkur holatlar sudlarga hurmatsizlik qilganlik, sud ishlarini hal etishga aralashganlik uchun javobgarlik choralarini belgilash, shuningdek, odil sudlovni amalga oshirish borasidagi sud faoliyatiga aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishini nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy normani amaliyotga to‘liq joriy etish zaruratini ko‘rsatdi.
Bu holatlarga «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun chek qo‘yadimi, shundaymi?
– Mazkur qonun aynan sud mustaqilligi va sudyalar daxlsizligini ta’minlash borasidagi mavjud huquqiy bo‘shliqlarni to‘ldirishga qaratilgan.
Asosiy maqsadi – sud ishlarini hal etishga noqonuniy aralashishning oldini olish, sudga nisbatan hurmatni mustahkamlash hamda odil sudlovni amalga oshirish jarayonining mustaqilligini ta’minlashdan iborat.
Qonun orqali sud faoliyatiga aralashganlik va sudga hurmatsizlik qilganlik uchun javobgarlik choralari aniq belgilandi.
Ma’lumki, ushbu qonun avval Senat tomonidan qayta ko‘rib chiqish uchun Qonunchilik palatasiga qaytarilgan edi. Bunga qanday omillar sabab bo‘lgan?
– Haqiqatan ham, mazkur qonun Senatning 13-yalpi majlisida qo‘mitamiz tomonidan ko‘rib chiqish uchun kiritilgan va ayrim masalalarni qayta ko‘rib chiqish zarurati tufayli Qonunchilik palatasiga qaytarilgan edi.
Gap shundaki, qonunning avvalgi tahririda Iqtisodiy protsessual hamda Soliq kodekslariga soliq organi ishtirokidagi soliqqa oid nizolarni ma’muriy sudlar tomonidan ko‘rib chiqishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish belgilangan edi.
Ya’ni soliq organlari ishtirokidagi soliq va yig‘imlarga oid nizolarni iqtisodiy sudlar hal etadigan nizolar doirasidan chiqarib, ma’muriy sudlar vakolatiga o‘tkazish ko‘zlangan.
Biroq, bu borada Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish masalasi e’tibordan chetda qolgan.
Bundan tashqari, qonunni ishlab chiqish jarayonida «paket prinsipi»ga rioya qilinmagan edi. Shu sababli, Senat tomonidan bildirilgan e’tirozlar asosida qonunni qayta ko‘rib chiqish zarurati yuzaga kelgan.
Qonun qayta ko‘rib chiqilgandan so‘ng unga qanday o‘zgartirishlar kiritildi?
– Senat tomonidan bildirilgan barcha e’tirozlar kelishuv komissiyasi tomonidan to‘liq qayta ko‘rib chiqildi va qabul qilindi.
Natijada qonunda eng dolzarb masala – sud mustaqilligi va sudyalar daxlsizligini ta’minlashga qaratilgan ikkita muhim modda qoldirildi. Xususan, mazkur qonun bilan Jinoyat kodeksiga sud ishlarini hal etishga aralashganlik uchun jinoiy javobgarlik choralarini aniqlashtiruvchi o‘zgartirishlar kiritildi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga sud binosida tartibni buzish tarzida sudga hurmatsizlik qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik choralarini belgilashni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Bu sud mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan huquqiy mexanizmlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Qonunni ishlab chiqishda xorijiy davlatlar tajribasi ham o‘rganildimi?
– Albatta. Qonunni ishlab chiqish jarayonida Rossiya, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Armaniston, Gruziya, Belarus va boshqa qator davlatlarning jinoyat va ma’muriy javobgarlikka oid qonunchiligi o‘rganib chiqildi.
Xorijiy tajriba tahlili shuni ko‘rsatdiki, mazkur davlatlar qonunchiligida sudga hurmatsizlik qilish va odil sudlovni amalga oshirishga aralashish uchun jazo choralari qat’iy belgilangan.
Ushbu tajriba milliy qonunchilikni takomillashtirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Qonun sud-huquq tizimida qanday natijalarga xizmat qiladi?
– Eng avvalo, mazkur qonunning qabul qilinishi sud mustaqilligining asosiy kafolatlarini yanada kuchaytirdi. Shuningdek, sudyalarning daxlsizligini ta’minlash, ularning faoliyatiga har qanday noqonuniy aralashuvlarning oldini olish va odil sudlov sifatini oshirish uchun qo‘shimcha huquqiy asos yaratadi.
Zero, sud mustaqilligi va sudyalar daxlsizligi qonun ustuvorligini ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishning muhim shartlaridan biridir.
O‘zA muxbiri Norgul Abduraimova suhbatlashdi.