Suv sohasini rivojlantirish: ustuvor vazifalar va xalqaro hamkorlik
Toshkent shahridagi "Hyatt Regency" mehmonxonasida Suv resurslari, suv ta’minoti va sanitariya bo‘yicha Tarmoqlararo ishchi guruhining (TIG) yettinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, "O‘zsuvta’minot" aksiyadorlik jamiyati, Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchixonasi hamda xalqaro rivojlanish hamkorlari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Zokir Ishpo‘latov va boshqalar so‘zga chiqib, suv resurslarini samarali boshqarish, ichimlik suvi ta’minoti va sanitariya xizmatlarini takomillashtirish, 2030-yilgacha mo‘ljallangan strategiya loyihasi hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalariga to‘xtaldi.
Yig‘ilish davomida suv sohasini rivojlantirishga qaratilgan muhim tashabbuslar va strategik hujjatlar muhokama qilindi. Xususan, Suvni tejash bo‘yicha xalqaro forumni tashkil etish va o‘tkazishga tayyorgarlik doirasidagi keyingi chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi.
Suv xo‘jaligi vaziri birinchi o‘rinbosari Zokir Ishpo‘latovning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda suv resurslari yildan-yilga kamayib, suvga bo‘lgan talab ortib bormoqda. Bunda iqlim o‘zgarishi va daryolardagi suv hajmining qisqarishi muhim omillardan hisoblanadi.
– 2027-yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Butunjahon suvni tejash forumiga tayyorgarlikning keyingi bosqichlarini muhokama qildik. Shuningdek, 2030-yilgacha ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv tizimlarini rivojlantirish strategiyasi loyihasi yuzasidan xalqaro hamkorlar va manfaatdor tashkilotlar vakillarining fikrlarini eshitdik.
Suv xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, kanallarni betonlash orqali suv yo‘qotishlarini kamaytirish va nasos stansiyalarini modernizatsiya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu jarayonda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, investitsiyalarni jalb qilish va ilg‘or texnologiyalardan foydalanish muhim ahamiyatga ega. Shu bois hamkorlarimizni islohotlarda faol ishtirok etishga va innovatsion yechimlar bilan o‘rtoqlashishga taklif qildik.
O‘zbekistonda foydalanilayotgan suv resurslarining 80 foizdan ortig‘i transchegaraviy daryolar hissasiga to‘g‘ri keladi. Shu sababli, suv resurslarini boshqarish va taqsimlashda qo‘shni davlatlar bilan yaqin hamkorlik qilish zarur. So‘nggi yillarda yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarining rivojlanishi chegaradan o‘tish va gidrotexnika inshootlaridan foydalanish bilan bog‘liq muammolarni hal etishga yordam bermoqda.
Amudaryo va Sirdaryo suvlarini boshqarish bo‘yicha ikki va uch tomonlama hamkorlik mexanizmlari ham yo‘lga qo‘yilgan. Ular qishloq xo‘jaligi va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarini vegetatsiya mavsumida suv bilan ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirmoqda. Jumladan, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Tojikiston o‘rtasida "Bahri tojik" suv omboridan birgalikda foydalanish, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston o‘rtasida esa "To‘xtag‘ul" suv omborining ishlash rejimini kelishish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Shuningdek, uch davlat hamkorligida "Qambarota GES-1" loyihasini amalga oshirish bo‘yicha ishlar davom etmoqda. Ushbu loyiha Norin va Sirdaryo suv resurslarini birgalikda boshqarish hamda mintaqada suv ta’minoti barqarorligini mustahkamlashga xizmat qiladi,– dedi Zokir Ishpo‘latov.
[gallery-31878]
Yig‘ilishda 2030-yilgacha ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlarini takomillashtirish strategiyasi loyihasi taqdim etildi. Hujjat sohani uzoq muddatli rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari, xizmatlar sifatini oshirish va tizim barqarorligini ta’minlashga qaratilgan.
Shu bilan birga, JTI tashabbusi doirasida O‘zbekistonda suv ta’minoti, sanitariya va gigiyena sohalarida amalga oshirilayotgan loyihaning uch yillik natijalari hamda erishilgan yutuqlar muhokama qilindi.
Osiyo taraqqiyot banki vakili Massimo Petronening ta’kidlashicha, ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv tizimlarini rivojlantirish strategiyasini takomillashtirishda moliyaviy barqarorlikni ta’minlash va markazlashtirilmagan yechimlarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratish zarur.
–O‘tgan yili boshlangan ushbu jarayonda avval bildirilgan takliflarning inobatga olingani quvonarli. Tarif islohotlari bo‘yicha yangi qo‘mitaning tashkil etilishini ham olqishlayman. Suv ta’minoti sohasida moliyaviy barqarorlikni ta’minlash, infratuzilmadan samarali foydalanish va texnik xizmat ko‘rsatishni yaxshilash muhim. Sohani tartibga soluvchi organni tashkil etish ham bu yo‘nalishdagi muhim qadamlardan biridir.
Strategiyani takomillashtirishda idoralar o‘rtasidagi hamkorlik va muvofiqlashtirilgan yondashuv ham katta ahamiyatga ega. Ayniqsa, markazlashgan shahar infratuzilmasidan foydalanish imkoniyati cheklangan qishloq aholisi uchun markazlashtirilmagan suv ta’minoti va sanitariya yechimlarini rivojlantirish zarur. Osiyo taraqqiyot banki bu borada treninglar tashkil etish, mutaxassislar salohiyatini oshirish va kelgusida moliyaviy ko‘mak ko‘rsatish orqali hamkorlik qilishga tayyor, – dedi Massimo Petrone.
Tadbir doirasida Tarmoqlararo ishchi guruhida xalqaro rivojlanish hamkorlari tomonidan amalga oshiriladigan hamraislik vazifasini Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligidan Osiyo taraqqiyot bankiga rasman topshirish marosimi ham bo‘lib o‘tdi.
Mazkur jarayon suv resurslari, suv ta’minoti va sanitariya sohalarida milliy tashkilotlar hamda xalqaro rivojlanish hamkorlari o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash va hamkorlikni muvofiqlashtirishda muhim ahamiyatga ega.
Yig‘ilish yakunida ishtirokchilar kun tartibidagi masalalar yuzasidan fikr almashib, sohani rivojlantirish bo‘yicha kelgusi hamkorlik yo‘nalishlari va amalga oshiriladigan navbatdagi chora-tadbirlarni muhokama qildi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA