Sumo sport turi O‘zbekistonda ommalashmoqda
Chirchiq shahrida joylashgan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti sport majmuasida Rossiya, Tojikiston, Qirg‘iziston va mamlakatimiz vakillari o‘rtasida o‘tkazilgan xalqaro sumo turnirida bu o‘z aksini topdi.
Yaponlarning milliy yakka kurash sporti sifatida xalqaro maydonda keng rivojlanayotgan sumo sport turi yurtimiz yoshlari o‘rtasida ham tobora ommalashib borayotganligi, har bir musobaqa chinakam sport bayrami ko‘rinishini olayotganligi shiddatli kurashlarda yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Yurtimizda uchinchi marotaba tashkil etilgan bu galgi xalqaro sumo turnirida erkaklar 85, 115 kg va undan yuqori vaznda, xotin-qiz sportchilar esa 65, 80 kg va undan yuqori og‘irlikda o‘zaro bellashishdi.

Xalqaro turnirning ochilish marosimida ishtirok etgan O‘zbekiston sumo federatsiyasi raisi Komol Usmonov, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori, professor Rashid Matkarimov, Rossiya sumo federatsiyasi vakili Yuriy Golubovskiy mazkur xalqaro musobaqa joriy yil Ozarbayjonda tashkil etiladigan jahon chempionatiga tayyorgarlikning muhim bosqichi ekanligini ta’kidlashdi.

Ko‘tarinki kayfiyatda va murosasiz bahslarga boy tarzda kechgan bellashuvlarda o‘zbekistonlik Xusniddin Husanov, Timur Kenjayev, Oybek Turimov, rossiyalik Zaxar Mayshev, Timur Salaxov, Natalya Yesmeneyeva, Yekaterina Bulatova, qirg‘izistonlik Artij Orjak kabi sportchilar sovrinli o‘rinlarni egalladi.

Xalqaro turnir nizomiga muvofiq, g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilgan sumo ustalari bir million, 2-o‘rin sohiblari 750 ming va 3-o‘rindan joy olganlar 500 ming so‘m pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA