Qadimiy shaharga zamonaviy qiziqish
Ayni kunlarda kuzning salqin havosi bilan yanada o‘zgacha tarovat kasb etgan Buxoroning tarixiy markazi xorijiy va mahalliy sayyohlar bilan gavjum.
Joriy yilning o‘tgan 9 oyida Buxoro viloyatiga 2 million 608 ming nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurdi. Xorijiy mehmonlarga ko‘rsatilgan turistik xizmatlar natijasida turizm eksporti hajmi 745,2 million AQSH dollariga yetdi. Shuningdek, respublikamizning boshqa hududlaridan 4 million 632 ming nafar mahalliy sayyoh Buxoroga keldi.
[gallery-31809]
Sayyohlar oqimining ortishi bilan bir qatorda, viloyatda turizm infratuzilmasini kengaytirish va xizmatlar sifatini oshirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, yangi joylashtirish vositalari, jumladan, mehmonxonalar, xostellar, oilaviy mehmon uylari va kvartiralar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, 41 ta turoperator va turagent o‘z faoliyatini boshladi.
Buxoroning tarixiy markazi YUNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Shaharning ming yillik tarixi, betakror me’moriy obidalari va o‘ziga xos madaniy muhiti sayyohlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Tohir ISTATOV, O‘zA