«Pushti oktabr – 2026»: erta tashxis hayotni saqlab qolishi mumkin
Dunyoning yuzlab mamlakatlarida ko‘krak bezi saratoniga qarshi kurashish, uni erta aniqlanishning ahamiyati haqida ayollar va umuman jamoatchilikning xabardorligini oshirish maqsadida turli tadbirlar, aksiyalar hamda ochiq eshiklar kunlari tashkil etilmoqda. Mamlakatimizda ham bu kabi loyihalarga jiddiy e’tibor qaratilayotir.
Jumladan, Toshkent shahridagi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda xalqaro Gustave Roussy International O‘zbekiston tibbiyot markazida joriy yilning 14-oktabr kuni oylik doirasida «Ochiq eshiklar kuni» tashkil etiladi.
Tadbir onkologiya va ko‘krak bezi kasalliklari bo‘yicha yetakchi mutaxassislar, ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar, blogerlar, xotin-qizlar assotsiatsiyalari, jamoat tashkilotlari hamda ayollar salomatligiga befarq bo‘lmagan barcha yurtdoshlarimizni bir maydonda jamlaydi.
Tadbirning maxsus taklif etilgan xalqaro eksperti — Turkiyaning ko‘krak bezi kasalliklari bo‘yicha taniqli mutaxassisi, professor Fatix Aydog‘an bo‘lib, u ko‘krak bezi xastaliklarini erta aniqlash, zamonaviy diagnostika va davolash usullari bo‘yicha o‘z boy professional tajribasi bilan o‘rtoqlashadi. Shuningdek, tadbirga Gustave Roussy International O‘zbekiston tibbiyot markazi mutaxassisi, professor Sevilay O‘zmen moderatorlik qiladi.
Uchrashuvning asosiy mavzusi — ko‘krak bezi saratonini erta aniqlash hamda ayollarning muntazam profilaktik tekshiruvlardan o‘tish zarurligi haqidagi xabardorligini oshirishdan iborat. Keng jamoatchilikka mo‘ljallangan dastur doirasida ko‘krak bezi saratoni bo‘yicha dolzarb statistik ma’lumotlar taqdim etiladi, erta tashxislashning zamonaviy imkoniyatlari va skrining tekshiruvlarining ahamiyati yoritiladi. Shuningdek, kasallikning kech aniqlanishiga olib keluvchi sabablar tahlil qilinib, yosh va individual xavf omillariga muvofiq tekshiruvlardan o‘tish bo‘yicha muhim tavsiyalar beriladi hamda shifokorlar, OAV vakillari va jamoatchilik o‘rtasida ochiq muloqot tashkil etiladi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, shifokorga faqat biror alomat paydo bo‘lgandagina emas, balki tavsiya etilgan muddatlarda muntazam ravishda murojaat qilish salomatlikni saqlab qolishning eng asosiy sharti hisoblanadi. Ushbu tadbirda OAV va televideniye vakillari, internet nashrlari jurnalistlari, blogerlar, xotin-qizlar hamjamiyatlari, ayollar salomatligi bilan shug‘ullanuvchi jamoat tashkilotlari hamda ushbu masalaga befarq bo‘lmagan barcha yurtdoshlarimiz ishtirok etishlari mumkin.
Mohigul Qosimova, O‘zA