Maqsad: hosilni o‘z vaqtida yig‘ib -terib olish
Qishloq xo‘jaligining muhim tarmoqlaridan hisoblangan paxtachilikda olib borilayotgan islohotlar natijalari nafaqat fermer va klasterlar, balki qayta ishlash sanoati, eksport salohiyati, aholi bandligi va hududlar iqtisodiy barqarorligida ham yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.
Joriy yilda Namangan viloyati paxtachilik tarmog‘i uchun nafaqat mo‘l hosil yetishtirish, balki mavsumni yuqori tashkiliy darajada o‘tkazish, yetishtirilgan paxta xomashyosini qisqa muddatlarda, sifatli va uyushqoqlik bilan yig‘ib-terib olish nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu borada olib borilayotgan ishlar haqida O‘zA muxbiriga viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Abdusalomov muxbirimizga quyidagilarni so‘zlab berdi:
– “Oq oltin” agrar soha taraqqiyoti muhim o‘rin tutadi. Ayni shu boisdan ham 2026-yil hosili uchun viloyatimizda 48 ming 800 gektar maydonga chigit ekildi. Bugungi vazifamiz dalalarda yaratilgan ulkan mehnat samarasini to‘liq saqlab qolish, har bir gektar imkoniyatidan samarali foydalanish va rejalashtirilgan 254 ming 500 tonna paxta xomashyosini belgilangan muddatlarda qabul maskanlariga yetkazib berishdir, – deydi Azizbek Abdusalomov. – Bu yilgi ekish jarayonida zamonaviy agrotexnologiyalarni keng joriy etishga alohida e’tibor qaratildi. Chigit ekilgan maydonlarning 44 ming 879 gektari 76x10 santimetr sxemada qo‘shqator usulida parvarish qilindi. Shundan 6 ming 846 gektari «Shinjon» usulida, 2 ming 304 gektari plyonka ostiga oddiy sug‘orish usulida, 3 ming 802 gektari ochiq maydonda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi asosida tashkil etildi. Yana 31 ming 928 gektar maydonda ochiq maydonda qo‘shqator usuli qo‘llanildi. 4 ming 277 gektarda esa 76 santimetr sxemada yakkaqator usulida chigit ekilib, parvarish ishlari olib borildi.

Klaster korxonalari va fermer xo‘jaliklarining takliflari ham inobatga olinib, nav tanlash masalasiga ham jiddiy yondashildi. 48 ming 800 gektar chigit ekiladigan maydonning 47 ming 560 gektari, ya’ni 97,5 foizida xorijiy g‘o‘za navlari, 1 ming 240 gektari, ya’ni 2,5 foizida mahalliy g‘o‘za navlari ekilib, parvarish qilindi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, har bir gektardan o‘rtacha 52,2 sentnerdan hosil olish va jami 254 ming 500 tonna paxta xomashyosi yetishtirish rejalashtirilgan.
Hosildorlikni ta’minlash uchun mavsum davomida katta miqdorda moliyaviy resurslar yo‘naltirildi. Mineral o‘g‘itlar, yoqilg‘i-moylash materiallari, o‘simliklarni himoya qilish va agrokimyohimoya xizmati, mexanizatsiya xizmati va lizing to‘lovlari, urug‘lik chigiti, plyonka ishlari kabi dolzarb yumushlar uchun mavsum davomida 499 milliard 592 million so‘m mablag‘ sarflandi.

Hosil elementlari bo‘yicha amalga oshirilgan hisob-kitoblar yanada quvonarli natijani ko‘rsatdi. Aprobatsiya ma’lumotlariga asosan, viloyat maydonlarida 259 ming 126 tonna paxta xomashyosi yaratilishi imkoniyati mavjudligi aniqlandi. Bu rejalashtirilgan 254 ming 500 tonna ko‘rsatkichdan yuqori natijadir. Bu borada o‘tgan yilgi tajriba biz uchun muhim mezon bo‘lib xizmat qiladi. 2025-yilda ham bir qator fermer xo‘jaliklari paxtachilikda yuqori hosildorlikka erishib, o‘z tajribasini namoyon etdi.
Jumladan, Mingbuloq tumanidagi «Rahmonali ota YNR», «Sayidbek Lazizbek To‘lanboyev», Namangan tumanidagi «Zardo‘st Zamin Zilol», «Navbahor Namunasi», Pop tumanidagi «Mamatolib buva Muhammadjon», «Iqbol Samandar», To‘raqo‘rg‘on tumanidagi «Zurad Ibrat», «Tursunboy Komilov», «Baxtiyor Nemat Shavka» fermer xo‘jaliklari har gektardan o‘rtacha 60–70 sentnerdan paxta hosili olishga erishdi.

Bu tajribalar shuni ko‘rsatadiki, yuqori hosildorlikka erishish imkoniyati mavjud. Gap faqat tabiiy sharoit yoki navda emas, balki agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish, suv, o‘g‘it va himoya vositalaridan oqilona, texnikadan samarali foydalanish hamda mehnatni to‘g‘ri tashkil etishda. Ayni paytda barcha tumanlarda markaziy va hududiy monitoring shtablari tashkil etilgan. Bularning vazifasi faqat statistik ma’lumotlarni yig‘ishdan iborat emas. Maqsadimiz har bir hududdagi real vaziyatni kunlik tahlil qilish, mavjud muammoni tezkor aniqlash, texnika va ishchi kuchidan foydalanish samaradorligini baholash, paxta qabul maskanlariga hosilning uzluksiz yetkazib berilishini ta’minlashdir.

Paxta terimida ishsiz va bandligi ta’minlanmagan aholini jalb etish ham muhim ijtimoiy vazifalardan biridir. Shu maqsadda viloyat ishchi guruhi shakllantirilib, barcha tumanlarda o‘quv-amaliy seminarlar tashkil etildi. Bu orqali bir tomondan paxta terimi uchun zarur ishchi kuchi ta’minlansa, ikkinchi tomondan mavsumda ishtirok etayotgan fuqarolarning qo‘shimcha daromad olishiga sharoit yaratiladi.
Paxta terimini mexanizatsiyalashtirish esa mavsumni qisqa muddatlarda yakunlashning asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Jami 34 ming 206 gektar, ya’ni 70 foiz maydonda yetishtirilishi kutilayotgan 179 ming 796 tonna paxta xomashyosini paxta terish mashinalari yordamida yig‘ib olish rejalashtirilgan. Buning uchun 178 ta paxta terish mashinasi mavsumga to‘liq shay holatga keltirildi. Har bir mashinaga alohida otryad shakllantirilib, ularga rahbarlar tayinlandi. Shuningdek, har bir otryad tarkibiga ichki ishlar, bank va yer tuzuvchi tashkilotlaridan xodimlar biriktirildi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, paxta terish mashinalari bilan bir kunda 1 ming 368 gektar maydondagi paxtani terib olish mumkin ekan. Buning natijasida bir kunda 6 ming 841 tonna paxta xomashyosini qabul maskanlariga topshirish mumkin. O‘rtacha hisobda bitta paxta terish mashinasi bir kunda 7,6 gektardan 38,4 tonna paxtani yig‘ib olishi ko‘zda tutilmoqda.
Qo‘l terimida ham moliyaviy rag‘batlantirish masalasi aniq belgilab qo‘yilgan. 74 ming 704 tonna, ya’ni jami hosilning 30 foizini qo‘l terimi orqali yig‘ib olish rejalashtirilgan. Buning uchun terimchilarga 149 milliard 409 million so‘m ish haqi to‘lanadi. Mashina terimi orqali olinadigan 179 ming 796 tonna paxta xomashyosi uchun esa 224 milliard 745 million so‘m mablag‘larni o‘z vaqtida yetkazib berish bo‘yicha «Agrobank» tomonidan zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Mehnat haqining o‘z vaqtida to‘lanishi terimchilar ishtiyoqi va mavsum intizomining eng muhim kafolatlaridan biridir.

2026-yil paxta hosilini qabul qilish uchun Namangan viloyatida mavjud 27 ta paxta qabul qilish maskani ham mavsumga shay holatga keltirildi. Ularda laboratoriyalar, torozixonalar, 319 ta o‘t o‘chirish vositasi, 231 ta kichik mexanizatsiya vositasi, 43 ta yopiq ombor, 462 ta g‘aram maydoni, 505 ta elektr shkaf va yoritgichlar hamda paxta qabul qilish uchun zarur boshqa inventarlar tayyor holatga keltirildi. Bu maskanlarning uzluksiz ishlashi paxtaning dalada to‘planib qolmasligi va qabul jarayonida ortiqcha navbatlar yuzaga kelmasligi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Umuman olganda, viloyatimizda paxta yetishtirishning o‘ziga xos salohiyati shakllangan. 48 ming 800 gektar maydon, 254 ming 500 tonna reja, 52,2 sentner o‘rtacha hosildorlik, 178 ta terim mashinasi, 58 ta yangi mashina va 70 foiz mexanizatsiyalashgan terim – bular shunchaki statistik raqamlar emas, ularning har biri mavsumni qanday tashkil etishimiz, qancha hosilni saqlab qolishimiz va yakunda qanday iqtisodiy natijaga erishishimiz bilan bog‘liq.

Ayni paytda har bir tuman, har bir klaster va fermer xo‘jaligi oldida turgan vazifa aniq: paxtazorda yaratilgan hosilni bir kun ham kechiktirmasdan yig‘ib olish, terimchilar uchun munosib sharoit yaratish, texnikadan unumli foydalanish va qabul maskanlarining bir maromda ishlashini ta’minlash. Mazkur jarayonda monitoring shtablarining faoliyati, otryad rahbarlarining mas’uliyati, bank va boshqa mutasaddi tashkilotlarning hamkorligi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Zero, mavsumning muvaffaqiyati birgina sohaga emas, barcha bo‘g‘inlarning hamjihat va mas’uliyatli harakatiga bog‘liq.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri