Avaza — Kaspiy bo‘yidagi zamonaviy sayyohlik maskani
FOTOREPORTAJ
Turkmanistonning g‘arbiy qismida, Kaspiy dengizi sohilida joylashgan “Avaza” milliy sayyohlik zonasi mamlakatning yirik dam olish va sayyohlik maskanlaridan biri hisoblanadi. Dengiz sohili, keng qumloq hududlar, zamonaviy mehmonxonalar va sayyohlik infratuzilmasi uyg‘unligi Avazaga o‘ziga xos kurort qiyofasini baxsh etgan.
Avaza Turkmanistonning Bolqon viloyatida, Turkmanboshi shahri yaqinida joylashgan. Bu yerda Kaspiy dengizining tabiiy manzaralari zamonaviy me’moriy yechimlar bilan uyg‘unlashgan. Sohil bo‘ylab barpo etilgan mehmonxonalar, dam olish majmualari, ko‘ngilochar maskanlar va sayr hududlari hududning o‘ziga xos qiyofasini shakllantiradi.
Kaspiy dengizi kurortning asosiy tabiiy boyligi sanaladi. Keng sohil hududlari, dengiz sathida tovlanuvchi quyosh nurlari va sokin manzaralar Avazani sayyohlar uchun jozibador maskanga aylantirgan.
Kurort hududida zamonaviy arxitektura asosida barpo etilgan inshootlar ko‘p. Mehmonxonalar, yashil hududlar, favvoralar, sayr yo‘laklari va dam olish maskanlari Avazaning zamonaviy qiyofasini namoyon etadi. Ayrim inshootlarning dengiz manzarasi bilan uyg‘unlashgan me’moriy yechimlari alohida e’tiborni tortadi.
Sohil manzaralari kun davomida turfa tusga kiradi. Dengizda aks etgan quyosh nurlari, sohil bo‘ylab sayr qilayotgan odamlar, yaxtalar va boshqa suv transporti vositalari kurort hayotining o‘ziga xos manzaralarini yaratadi.
[gallery-31839]
Avazada dam olish bilan bir qatorda sport va ko‘ngilochar tadbirlar uchun ham imkoniyatlar mavjud. Sayr hududlari, suv attraksionlari, sport maydonlari va ko‘ngilochar maskanlar tashrif buyuruvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishiga xizmat qilmoqda.
Bugun Avaza Kaspiybo‘yi mintaqasidagi zamonaviy sayyohlik maskanlaridan biri sifatida e’tiborni tortib, Turkmanistonning turistik salohiyatini namoyon etmoqda.
Otabek MIRSOATOV (surat), O‘zA