99 yoshli onaxon koronavirusdan sog‘aydi
Shu yilning 14 mart kuni Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 1922 yilda tug‘ilgan fuqaro T. T. koronavirus tashxisi bilan olib kelingan.
Bemorda o‘tkazilgan PZR testi natijalari musbat chiqqan, rentgen tekshiruvlarida ikki tomonlama gidrotoraks suyuqlik aniqlangan.
– Davolash jarayonida torakal jarrohlik yo‘li bilan bemorning o‘pkasidan 10 kun davomida 4 marta, jami 2 litr suyuqlik olindi, — deydi shifoxonaning reanimatsiya bo‘limi mudiri Dono Jo‘lamanova. – Bemor kichik operatsiyadan ham muvaffaqiyatli chiqdi, ikki hafta davomida intensiv davo muolajalari o‘tkazildi. Shu tarzrda bemorning ahvoli ijobiy tomonga o‘zgara boshladi. Nihoyat, muolajalardan so‘ng olingan PZR testi manfiy natijani ko‘rsatdi.
Bundan tashqari, bemorda hamroh kasalliklar ham mavjud bo‘lgan. Bemordagi yurak yetishmovchiligi asoratlari ham tezda bartaraf etildi.
Shunday qilib, shifokorlarimizning to‘g‘ri tanlangan tizimli muolajalari sabab 99 yoshli bemor onaxon koronavirusdan butkul sog‘ayib, o‘z uyiga ruxsat berildi.
Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi ma’lumot bermoqda.
M.Qosimova, O‘zA