2024/2025 o‘quv yilidan mamlakatimiz talaba-yoshlari o‘rtasida “Talabalar ligasi” sport musobaqalarini tizimli o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi mutasaddilari hamda sport federatsiyalari vakillari ishtirokida tashkil etilgan kengaytirilgan yig‘ilishda ta’kidlandi.

–Talabalar o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirish orqali professional sportchi-talabalarni tayyorlash davr talabi hisoblanadi. Bu orqali talabalar o‘rtasida xalqaro maydonda o‘tkaziladigan butunjahon Universiada o‘yinlarida, turli chempionat va turnirlarda O‘zbekiston talaba-sport jamoalarining munosib ishtirok etishi uchun mustahkam zamin tayyorlanadi. Shu o‘rnida aytish lozimki, bir necha kundan keyin yurtimiz oliy ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yili boshlanadi. O‘quv yili davomida ularni sport mashg‘ulotlariga jalb etish, tizimli tarzda sport musobaqalari o‘tkazish bugungi kunning ustuvor vazifasi sanaladi, – deydi O‘zbekiston talabalar sport assotsiatsiyasi raisi o‘rinbosari Erkin Qodirov.

Yig‘ilishda 2024/2025-o‘quv yilidan boshlab 9 ta sport turi, jumladan kurash, futbol, basketbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat, gandbol, badminton, yengil atletika bo‘yicha “Talabalar ligasi” sport musobaqalarini o‘tkazish bo‘yicha qo‘shma qaror va nizom ishlab chiqishga kelishib olindi.

Shuningdek, bildirilgan fikr-mulohazalar asosida yangi o‘quv yilidan boshlab oliy va professional ta’lim muassasalarida sport to‘garaklarini tashkil etish, zarur shart-sharoitlarni yaratish vazifalari belgilandi.

Turli ommaviy sport musobaqalarini o‘tkazishda sport federatsiyalari bilan doimiy hamkorlikni ta’minlash masalalari bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA