9-may - Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish dasturi tasdiqlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “9-may – Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq:
a) 9-may - Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish dasturi;
b) 9-may-Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruh tarkibi tasdiqlandi.
Ishchi guruh:
a) Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning "Burch, jasorat, matonat!" shiori ostida o‘tkazilishini hamda madaniy-ma’rifiy tadbirlar, "uch avlod uchrashuvlari", tasviriy san’at ko‘rgazmalari, ijodiy kechalar, tanlovlar va ommaviy sport musobaqalarini tashkil etadi;
b) Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va front orti mehnat faxriylari, shuningdek, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining oila a’zolariga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatadi;
v) ushbu toifadagi shaxslarning yashash joyiga davlat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlari, harbiy qismlar komandirlari va faxriylar, davlat va jamoat arboblari, madaniyat va san’at namoyandalari, yoshlar, shu jumladan, "Jasorat maktabi" o‘quvchilari, "Vatan tayanchi" harbiy-vatanparvarlik harakati a’zolarining tashriflarini hamda ular ko‘rsatgan mardlik va jasoratning ahamiyatini tartib qilishga qaratilgan ma’naviy-vatanparvarlik tadbirlarni tashkil qiladi;
g) yolg‘iz va kam ta’minlangan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining hamda mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari oila a’zolarining turar joylarini obodonlashtirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
d) Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan, shuningdek, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining oila a’zolariga tegishli vazirliklar va idoralar rahbarlari nomidan biryo‘la to‘lanadigan pul mukofotlarini tantanali ravishda topshiradi;
j) Ikkinchi jahon urushi va mehnat fronti faxriylarining o‘z xohishlariga ko‘ra respublika hududidagi sanatoriylarga bir nafar kuzatuvchisi bilan birga bepul yuborilishini ta’minlaydi.
Qarorga muvofiq:
a) Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat, shahar va tumanlarda Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
b) hududlar ma’muriy markazlaridagi "Vatanparvarlar" bog‘lari, xiyobonlar va boshqa belgilangan joylarda harbiy-vatanparvarlik festival-aksiyalarini, shu jumladan, harbiy orkestr va ansambl jamoalarining madaniy konsert tomoshalarini tashkil etadi;
v) ko‘cha va maydonlar Xotira va qadrlash kunining ma’no-mazmunini ifoda etadigan ko‘rgazmali targ‘ibot vositalari bilan bezatilishini ta’minlaydi.
O‘zA