-
II jahon urushida o‘zbekistonliklar
Ikkinchi jahon urushi yillarida O‘zbekistondan jami 1 million 500 mingdan ortiq inson harbiy safarbarlikka jalb etildi. Bu O‘zbekiston aholisining o‘sha davrdagi umumiy soniga nisbatan juda katta ko‘rsatkich edi. Ulardan bir qismi frontda — jang maydonlarida fashistlarga qarshi kurashdi. O‘zbekistonliklar Sovet Armiyasining deyarli barcha yirik jang operatsiyalarida ishtirok etdi.
Front ortida esa 1 milliondan ziyod kishi faoliyat yuritdi. Ular zavod va fabrikalarda, qishloq xo‘jaligida, harbiy qurol-yarog‘, kiyim-kechak va oziq-ovqat ishlab chiqarishda jonbozlik ko‘rsatdi. Shuningdek, 1941–1942 yillarda boshqa front hududlaridan evakuatsiya qilingan 100 dan ortiq yirik sanoat korxonalari ham O‘zbekistonga ko‘chirildi. Bu korxonalarda ishlagan muhandis va mutaxassislar, mahalliy ishchilar bilan hamkorlikda mamlakat iqtisodiy quvvati frontni ta’minlashga yo‘naltirildi.
Shu tariqa, o‘zbekistonliklar jang maydonida qahramonlik qilgan bo‘lsalar, front ortida esa tinimsiz mehnat qilib, umumiy g‘alabaga ulkan hissa qo‘shganlar.
Ikkinchi jahon urushidagi yo‘qotishlar
Ikkinchi jahon urushi O‘zbekiston uchun beqiyos fojialarga sabab bo‘ldi. Rasmiy manbalarga ko‘ra, o‘zbekistonlik jangchilardan taxminan 538 mingdan ortig‘i janglarda halok bo‘ldi. Bu ko‘rsatkich, aniq raqamlar mavjud emasligini hisobga olsak, yanada yuqori bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinadi. Har bir shahid – bir oilaning qahramoni, bir millatning yo‘qotgan umidi bo‘ldi.
Shuningdek, 158 mingdan ortiq o‘zbekistonlik harbiy bedarak yo‘qolgan deb qayd etilgan. Ulardan ko‘pchiligi frontdagi og‘ir janglar davomida, asirlikda yoki evakuatsiya paytida izsiz yo‘qolib ketdi.
Janglar tugagach, 900 mingdan ortiq o‘zbekistonlik jangchi uyiga qaytib kelgan. 870 mingdan oshig‘i turli jarohatlar olgan, 60 ming nafardan ziyodi esa nogiron bo‘lib qaytdi. Ular urushdan so‘ng mamlakat tiklanishida, iqtisodiyotni qayta qurishda faol ishtirok etdi.
Urushning og‘ir ta’sirlari ularni doimiy ravishda ta’qib qilgan – jismoniy jarohatlar, psixologik zarbalar va xotiralarda qolgan dahshatli lavhalar ko‘pchilikning taqdiriga ta’sir qildi.
Bugungi kunda ularning nomlari ko‘plab shahar va qishloqlardagi yodgorliklarda abadiylashtirildi. Bu faktlar har bir o‘zbekistonlikka urushning qanday fidokorona va og‘ir kechganini yodga soladi.
Bolajon va mehmondo‘st O‘zbekiston
Ikkinchi jahon urushi yillarida O‘zbekiston faqat frontdagi qahramonliklari bilan emas, balki insonparvarlik va mehmondo‘stligi bilan ham tanildi. Urush davomida fashistlar tomonidan bosib olingan hududlardan 1,5 millionga yaqin kishi evakuatsiya qilingan bo‘lib, ularning 250 mingdan ortig‘i bolalar edi. Bu bolalarning ko‘pchiligi yetim qolgan, ota-onalari frontga ketgan yoki halok bo‘lgan. O‘zbekistonlik oilalar ularni o‘z qaramog‘iga olib, tarbiyaladi.
Eng mashhur misollardan biri Toshkentlik temirchi Shoahmad Shomahmudov va uning rafiqasi Bahri Akramova hisoblanadi. Ular turli millatlarga mansub 16 nafar bolani farzandlikka olib, tarbiyalashgan. Bu bolalar orasida rus, belorus, ukrain, latish, moldovan, yahudiy, tojik, qozoq, tatar va boshqa millat vakillari bo‘lgan. Ularga o‘zbek ismlari qo‘yilib, milliy an’analar asosida tarbiyalandi. Bu oila Sovet propagandasida millatlar do‘stligining ramzi sifatida ko‘rsatildi.
Shuningdek, Samadovlar oilasi 12 nafar, Jo‘rayevlar va Ashurxo‘jayevlar oilalari har biri 8 nafar bolani farzandlikka oldi.
Bu insonparvarlik harakati O‘zbekiston xalqining mehr-shafqatini, millatlar o‘rtasidagi do‘stlik va birdamlikni namoyon etdi. Bugungi kunda ham bu tarixiy voqealar yodga olinib, yosh avlodga vatanparvarlik va insonparvarlik ruhida tarbiya berishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
9-may — bu nafaqat Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini, balki xalqimiz tarixida Vatan ozodligi va tinchligi yo‘lida jonini fido qilgan barcha ajdodlarimizni yodga olish kunidir. Amir Temur, Temur Malik, Jaloliddin Manguberdi kabi mard sarkardalar, istiqlol va erkinlik uchun kurashgan yurtdoshlarimiz, turli davrlarda jasorat ko‘rsatgan fidoyilar xotirasi xalqimiz qalbida abadiy saqlanadi. Ularning mardu maydonligi, matonati va fidoyiligi biz uchun ibrat maktabidir. Shu bois, bu sana — tarix va jasorat, xotira va qadriyat ramziga aylangan muqaddas kun sifatida nishonlanadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/yEGubAjDkyI" title="9-may xotira va qadrlash kuniga bag'ishlanadi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Iroda Jo‘rayeva, Iskandar Ismatov, O‘zA