9 iyun – Xalqaro arxivlar kuni
9 iyun – Xalqaro arxivlar kuni arafasida Shveysariyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Konstantin Obolenskiy “O‘zarxiv” agentligiga tashrif buyurdi.
Uchrashuv chog‘ida “O‘zarxiv” va Shveysariya arxivlari o‘rtasida sohadagi hamkorlik istiqboli muhokama qilinib, agentlik direktori Ulug‘bek Yusupov boshchiligida qiziqarli ekskursiya uyushtirildi. Hujjatlar saqlash, restavratsiya qilish va raqamlashtirish jarayoni bilan tanishtirildi.
Tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib oldilar.

Har yili 9 iyunda nishonlanadigan Xalqaro arxivlar kuni Xalqaro arxivlar kengashi (XAK) tomonidan 2007 yil noyabr oyida Kanadaning Kvebekda shahrida Bosh Assambleya yig‘ilishida tasdiqlangan.
Bu sana tasodifan tanlanmagan – 1948 yil shu kuni UNYeSSO qarori va homiyligi asosida Xalqaro arxivlar kengashi tashkil etilgan.

Kengash jahon arxivlar hamjamiyati professional, betaraf nodavlat tashkiloti sifatida arxiv merosini saqlash, rivojlantirish va ushbu hujjatlardan foydalanishga ko‘maklashadi, butun dunyo bo‘ylab ko‘plab arxivlardagi a’zolari tomonidan moliyalashtiriladi.

Bugungi kunda XAK 190 dan ortiq mamlakatda 1 500 ga yaqin a’zoni birlashtirgan. Tashkilot faoliyati xalqaro standartni yo‘lga qo‘yish, xodimlar malakasini oshirish orqali arxivni samarali boshqarish, arxiv merosini saqlash, qayta ishlash va arxivdan foydalanish masalalarini hal etish, shuningdek mutaxassislar, siyosatchilar o‘rtasidagi muloqot orqali arxivdan foydalanish imkoniyatini kengaytirishga qaratilgan.

Jamiyat hayotida arxivlar o‘ziga xos axborot markazi sifatida retrospektiv hujjatli ma’lumotdan foydalanish imkonini yaratadi, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, samarali davlat boshqaruvini ta’minlashga yordam beradi, shuningdek o‘tmish haqida ilmiy bilim beradi.

Arxiv shunchaki madaniy va tarixiy meros ko‘rinishidagi jiddiy axborot resursi emas, balki har bir inson hayotida o‘ziga xos ahamiyat kasb etardi. Arxivning manbasi va formati xilma-xilligi juda boy. Binobarin, tarixiy ma’lumot insoniyat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy rivojlanishining qimmatli dalilidir.
Hujjatli merosni asrab-avaylash, odamlarga noyob arxiv bilan tanishish imkonini berish arxivchilarning asosiy vazifasidir.

Binobarin, Arxivlar kuni nafaqat ushbu soha xodimlarining kasb bayrami, balki keng jamoatchilik va qaror qabul qiluvchilar e’tiborini arxiv ishidagi yutuq, kamchiliklarga jalb etish maqsadida tashkil etilgan sanadir.
Diyora Saidakbarova,
O‘zDJTU talabasi,
O‘zA