9 dekabr - O‘zbekiston Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani ratifikatsiya qilgan kun
Hayotimiz mazmuni, kelajagimiz - bu bolalardir. Ularni komil inson bo‘lib voyaga yetishida ishtirok etish nafaqat ota-onalar, balki butun jamiyatning burchidir.
Bolalarni asrash, ularning huquq va erkinliklarini ta’minlash maqsadida jahonda turli xil chora-tadbirlar ko‘riladi, hujjatlar qabul qilinadi.
Bola huquqlarini himoya qilish masalasi BMT faoliyatida ustuvor yo‘nalish hisoblanadi.
BMTning bolalar asosiy huquq va erkinliklarini belgilovchi hujjat - bu BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1989 yil 20 noyabrda qabul qilingan va 1990 yil 2 sentyabrda kuchga kirgan Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyadir.
O‘zbekiston Respublikasi 1991 yilda mustaqillik e’lon qilganidan so‘ng ratifikatsiya qilingan birinchi xalqaro hujjat bu - Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyadir. Mazkur hujjat 1992 yil 9 dekabr kuni Oliy Kengashning tegishli qarori bilan ratifikatsiya qilingan.
Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya bola huquqlarining keng doirasini ko‘rib chiquvchi birinchi va asosiy majburiy xalqaro huquqiy hujjatdir.
Hujjat 54 moddadan iborat bo‘lib, 18 yoshga to‘lmagan shaxslarning ochlik va muhtojlik, shafqatsizlik, ekspluatatsiya va boshqa holatlardan xoli bo‘lgan sharoitlarda o‘z imkoniyatlarini to‘liq rivojlantirishga qaratilgan individual huquqlarini batafsil bayon etadi.
BMTning Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida bolalarga alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatilishi kerakligi ta’kidlangan.
1959 yilda BMT Bola huquqlari deklaratsiyasini qabul qildi. Uning asosiy tezisi shundan iboratki, insoniyat bolaga o‘zida mavjud bo‘lgan narsalarning eng yaxshisini berishga majburdir.
Deklaratsiya ota-onalar, jismoniy shaxslar, nodavlat notijorat tashkilotlari, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarini unda belgilangan huquq va erkinliklarni tan olishga va hurmat qilishga chaqirdi.
Shuningdek, deklaratsiyada bolalarni alohida himoya qilish, ularning erkinliklari va qadr-qimmatini hurmat qilish sharoitida sog‘lom va normal rivojlanishi uchun imkoniyat va shart-sharoitlarni ta’minlash zarurligi qayd etilgan. Ushbu hujjat butun dunyo bo‘ylab hukumatlar va shaxslarning siyosati va amaliyotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi.
Biroq tez orada yangi hujjat - konvensiyani qabul qilish zarurati paydo bo‘ldi.
Konvensiya ustida taxminan 10 yil ishlandi va nihoyat 1989 yil 20 noyabr kuni Bola huquqlari deklaratsiyasining 30 yilligi sanasida Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiya ma’qullandi.
Hozirgi kunda ushbu Konvensiyani dunyoning 191 ta davlati qabul qilgan.
Bola huquqlari deklaratsiyasi mavjud bo‘lgan 30 yil davomida ko‘plab g‘oyalar o‘zgardi, yangi tushunchalar ishlab chiqildi. Shuning uchun bolalar huquqlarini belgilovchi konvensiya yanada kengroq masalalarni qamrab oladi.
Konvensiya dunyoning barcha mintaqalaridagi xalqlar uchun bir xil ahamiyatga ega. Bu turli xil ijtimoiy-iqtisodiy tizimlar, hayotga axloqiy va diniy yondashuvlar, umuminsoniy qo‘llaniladigan umumiy qadriyatlar va maqsadlar to‘plamini ishlab chiqishda mamlakatlar vakillari o‘rtasidagi uzoq va samarali muzokaralar natijasidir.
Konvensiya umumiy normalarni belgilab berishiga qaramay, u alohida davlatlarning turli madaniy, ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy voqeliklarini hisobga oladi. Bu har bir davlatga hamma uchun umumiy huquqlar asosida o‘z milliy vositalarini tanlash imkonini beradi.
Konvensiya kattalarni ham, bolalarni ham o‘z munosabatlarini chinakam insonparvarlik va demokratiyaga, bolaning shaxsiga, uning fikr va qarashlariga hurmatga asoslangan axloqiy-huquqiy me’yorlar asosida qurishga undaydi.
Konvensiyaning asosiy g‘oyasi - bolaning eng yaxshi manfaatlarini ta’minlash. Uning qoidalari bolalar huquqlarini ta’minlashi kerak bo‘lgan to‘rtta asosiy talabga jamlangan: omon qolish, rivojlanish, himoya qilish va jamiyatda faol ishtirokini ta’minlash.
Ayni paytda dunyodagi bolalarning 96 foizi bolalar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha qonuniy majburiyatlarga ega bo‘lgan davlatlarda yashaydi.
Mamlakatimizda ham bola huquqlarini himoya qilishga qaratilgan samarali islohotlar amalga oshirilmoqda. Qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining asosiy mohiyati ham kelajak avlodning o‘sib-ulg‘ayishiga yetarli shart-sharoitni yaratib berishdan iborat.
Qayd etish lozimki, O‘zbekiston mazkur konvensiyani ratifikatsiya qilish bilangina cheklanmadi. Shu kunga qadar “Bola huquqlari to‘g‘risida"gi konvensiyaga doir, bolalarning qurolli mojarolarda ishtirokiga taalluqli fakultativ protokoli (Nyu-york, 2000 yil 25 may) va Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga doir, bolalar savdosi, bolalar fohishabozligi va bolalar pornografiyasiga taalluqli fakultativ protokolni (Nyu-york, 2000 yil 25 may) ratifikatsiya qildi.
Shuningdek, O‘zbekiston BMTga xalqaro majburiyatlarning bajarilishiga oid Konvensiya bo‘yicha beshinchi Milliy hisobotini hamda fakultativ protokollar yuzasidan ikkinchi hisobotini taqdim etdi.
Hozirda bola huquqlariga oid xalqaro hujjatlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda. Bu esa mamlakatimiz bolalarini xalqaro standartlarga muvofiq himoya qilinishiga xizmat qiladi.
Siz ham bola huquqlarini himoya qilishga o‘z hissangizni qo‘shishingiz mumkin. Bola huquqlari poymol qilinayotgan holatlarga guvoh bo‘lsangiz bu haqida tegishli vazirlik va idoralarga murojaat qiling. Bola huquqlariga oid qonunlarni o‘rganing va yaqinlaringizga ham ularni tavsiya qiling, ayniqsa bolalarga huquqlarini o‘rgating.
Aliya YUNUSOVA,
Bolalar Ombudsmani.