O‘zbekiston va Gruziya: O‘zaro hamkorlikka oid ijobiy tendensiyalar yanada faol davom ettiriladi
Tanzaniyaning Arusha shahrida davom etayotgan Parlamentlararo ittifoqning 153-assambleyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva Gruziya Parlamenti Raisi Shalva Papuashvili bilan uchrashuv o‘tkazdi.
O‘zaro muloqotda davlat rahbarlarining o‘zaro tashriflari, Strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiya va turli sohalarda imzolangan hujjatlar ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish uchun mustahkam asos yaratgani ta’kidlandi.
Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-logistika va madaniy-gumanitar yo‘nalishlardagi imkoniyatlardan yanada keng foydalanish muhimligi qayd etildi.
T.Norboyeva Gruziya parlament delegatsiyalarining O‘zbekistonda o‘tkazilgan xalqaro tadbirlardagi faol ishtirokini yuqori baholadi. Xususan, ularning Toshkentda o‘tgan Parlamentlararo ittifoqning 150-assambleyasi, Samarqandda bo‘lib o‘tgan Yosh parlamentariylarning 12-global forumida faol qatnashgani o‘zaro aloqalarni mustahkamlashga xizmat qildi.
Uchrashuvda parlamentlararo hamkorlikni amaliy mazmun bilan boyitishga alohida e’tibor qaratildi. Oliy darajadagi kelishuvlar ijrosiga ko‘maklashish, zarur huquqiy asoslarni takomillashtirish va parlament nazorati imkoniyatlaridan samarali foydalanish yuzasidan fikr almashildi.

Shu maqsadda parlamentlararo hamkorlik bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish taklifi ilgari surildi. Unda parlament qo‘mitalari o‘rtasidagi bevosita muloqot, o‘zaro tashriflar, ayol va yosh parlamentariylar hamkorligi, shuningdek, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan tadbirlarni nazarda tutish mumkinligi qayd etildi.
Qo‘mitalarning o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha muntazam hamkorligini yo‘lga qo‘yish, O‘zbekiston va Gruziyada navbatma-navbat uchrashuvlar o‘tkazish orqali ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalarini muhokama qilib borish muhimligi ta’kidlandi.
Transport va logistika sohasidagi hamkorlik – muloqotning muhim mavzularidan biri bo‘ldi. Gruziya portlari imkoniyatlaridan foydalanish, yangi temir yo‘l yo‘nalishlari va transport yo‘laklarini o‘zaro bog‘lash savdo aloqalarini kengaytirishga xizmat qilishi qayd etildi. Bu yo‘nalishdagi hamkorlik O‘zbekiston bilan bir qatorda butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun ham ahamiyatli ekani ta’kidlandi.
Investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va yoshlar bandligini ta’minlashga xizmat qiladigan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga e’tibor qaratildi.
Madaniy-gumanitar va turizm aloqalarini rivojlantirish istiqbollari ham ko‘rib chiqildi. O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan Gruzin madaniyat markazi, madaniyat va san’at tadbirlari hamda o‘zaro sayyohlik almashinuvlari xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va yaqinlikni mustahkamlashga xizmat qilayotgani qayd etilib, mazkur ijobiy tendensiyalarni yanada faol davom ettirishga kelishib olindi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA