862 ta murojaatning 281 tasi joyida hal etildi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasining 2021 yil faoliyati yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, hisobot davrida qo‘mita boshqa qonunchilik tushabbusi sub’ektlari tomonidan kiritilgan 7 ta qonun loyihasiga mas’ul bo‘ldi va ularni qabul qilishda faol ishtirok etdi. Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan “Gidrometereologiya faoliyati to‘g‘risida”gi, “Organik mahsulotlar to‘g‘risida”gi, “Ichimlik suv ta’minoti va oqava suv chiqarish to‘g‘risida”gi qonunlar shular jumlasidan.
Fraksiya a’zolari esa tegishli qo‘mita a’zolari sifatida 23 ta qonun loyihasiga mas’ul bo‘lib, ushbu qonunlar qabul qilindi. Fraksiya a’zolari qonunchilik tashabbusi huquqi asosida 4 ta qonunga ham tashabbuskor bo‘ldi.
Fraksiya va qo‘mita a’zolari qonun loyihalarini ishlab chiqish bilan birga sohaga oid strategiya va konsepsiyalarni ishlab chiqishda faol ishtirok etdi. Xususan, “O‘zbekiston Respublikasining 2030 yilgacha bo‘lgan iqlim o‘zgarishi oqibatlariga qarshi kurash strategiyasi” loyihasini ishlab chiqishda idoralararo muvofiqlashtiruvchi organ sifatida qatnashdi.
Fraksiya va qo‘mita parlament nazoratining ta’sirchan mexanizmlaridan samarali foydalangan holda, 16 ta nazorat-tahlil tadbirlarini o‘tkazdi. Xususan, O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi tashabbusi bilan Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining “O‘zbekiston Respublikasida ichimlik suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning holati to‘g‘risida”gi axboroti Qonunchilik palatasining majlisida eshitildi.
Shuningdek, mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish holati, aholini sifatli va xavfsiz oziq-ovqat mahsuloti bilan ta’minlash, “yashil maydonlar”ni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar borasida mutasaddi organlar rahbarlariga parlament so‘rovlari yuborishda tashabbuskor bo‘ldi. Bundan tashqari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga saylovchilarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlash maqsadida dolzarb masalalar yuzasidan 54 ta deputat so‘rovi yuborildi.
Saylov okruglarida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida 862 ta murojaatlar kelib tushdi va shundan 281 tasini joyida hal etishga erishildi.
Anjuman qizg‘in savol-javoblarga boy tarzda o‘tdi. Jurnalistlarning daraxtlar kesib ketilishi, qurilish va obodonlashtirish maqsadida ko‘plab yashilliklar, tabiiy ko‘llar barbod qilinayotgani, suv va chiqindi muammolariga oid qator savollariga batafsil javoblar qaytarildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA