810 million so‘m byudjet mablag‘i talon-toroj qilingan
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tekshirishda, Taxiatosh tumani Maktabgacha ta’lim bo‘limi hamda «MULTI TRADE” va “NUR WATAN” mas’uliyati cheklangan jamiyatlarining mansabdor shaxslari tomonidan byudjet mablag‘larini o‘zlashtirish va rastrata qilish holatlari aniqlandi.
Jumladan, tuman Maktabgacha ta’lim bo‘limi hamda «MULTI TRADE” va “NUR WATAN” mas’uliyati cheklangan jamiyatlarining mansabdor shaxslari jinoiy til biriktirib, konkurs o‘tkazib, unda «MULTI TRADE” va “NUR WATAN” mas’uliyati cheklangan jamiyatlarini g‘olib, deb topgan. Natijada «MULTI TRADE” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan 700 million so‘mlik va “NUR WATAN” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan 720 million so‘mlik shartnoma rasmiylashtirib, ular tomonidan hisob-fakturalarni soxtalashtirilgan.
Tekshiruv davomida “MODERN” dizaynidagi gilamlar uchun byudjetdan ajratilgan 1420 million so‘m pul mablag‘iga arzon narxdagi qiymati 610 million so‘mlik «IMPERIAL» dizaynidagi gilamni olib, jami 810 million so‘m byudjet mablag‘i talon-toroj qilinganligi aniqlangan.
Ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi va 209-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, jinoyat ishi mazmunan ko‘rib chiqishlik uchun jinoyat ishlari bo‘yicha sudga yuborildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA