800 tonnadan ziyod ko‘mir talon-toroj qilingan
Buxoroda aholiga imtiyozli narxda sotilishi kerak bo‘lgan 800 tonnadan ortiq ko‘mir talon-toroj qilinganligi aniqlandi.
Qish mavsumida aholining yonilg‘i mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda Buxoro viloyatida tekshiruvlar o‘tkazildi. Natijada, bir nechta tumanlarda ko‘mir mahsulotlari talon-toroj qilinganligi holatlari aniqlandi.
“Ko‘mir ta’minot” MCHJning Buxoro viloyati filiali Vobkent ko‘mir omborida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 29 sentyabrdagi 551-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Respublika aholisini ko‘mir mahsulotlari bilan ta’minlash tartibi to‘g‘risida” gi Nizom talablariga muvofiq, aholiga imtiyozli narxda yetkazib berilishi kerak bo‘lgan 455,7 tonna, Olot ko‘mir omborida 205,3 tonna, Qorako‘l ko‘mir omborida 78 tonna, Jondor ko‘mir omborida esa 67,4 tonna ko‘mir noqonuniy sotib yuborilganligi ma’lum bo‘ldi.
Hozirda mazkur ko‘mir omborlarining mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 167-moddasi 2-qismi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.