O‘zbekiston Ekologik partiyasining 2019 yil 8 yanvarda bo‘lib o‘tgan S’ezdida mazkur partiya ta’sis etilgan. Partiyaning Ustavi va Dasturi loyihalari, Markaziy Kengashi a’zolarini saylash, Markaziy nazorat taftish komissiyasi to‘g‘risidagi Nizomi, Matbuot organini ta’sis etish hamda partiyaning vakolatli vakillarini saylash kabi masalalar ko‘rib chiqilgan.
O‘tgan 6 yil davomida partiya tashkilotlari va deputatlik birlashmalari atrof-muhit muhofazasi yo‘lida mehnat qilib, qator tashabbuslarni, loyihalarni amalga oshirdi. Partiyaning tarafdorlari safi kengayib, a’zolari soni 638 mingdan oshdi.

Tashkil etilganiga uncha ko‘p bo‘lmasada, O‘zbekiston Ekologik partiyasi bugun mamlakatimiz siyosiy maydonida o‘z o‘rniga ega bo‘ldi. Xususan, 2024 yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlar deputatligiga bo‘lib o‘tgan saylovlarda partiyadan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga 16 nafar, mahalliy Kengashlarga 762 nafar nomzod deputat etib saylandi. Oldingi chaqiriqqa nisbatan ko‘proq deputatlik o‘rniga ega bo‘lingani partiyaga nisbatan xalqimizning ishonchi ortayotganidan dalolat.
Darhaqiqat, bugun hayotimizda ekologik muammolar ko‘payib, dolzarblashib borayotgani, aholi bu muammolar ta’siridan aziyat chekayotgani Ekologik partiyaning faoliyati, g‘oya va tashabbuslari naqadar muhimligini namoyon etadi.
Yurtimizda atrof-muhit muhofazasini ta’minlash, yashillikni ko‘paytirish, energiya manbalarini tejab ishlatish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgan bir paytda O‘zbekiston Ekologik partiyasi tashabbuskorlik va faollik ko‘rsatayotgani e’tiborga molik.
Bugun partiya oldida ekologik barqarorlikka erishish, aholining toza atrof-muhitda yashashini ta’minlash, insonlar salomatligini mustahkamlash, sog‘lom turmush-tarzini targ‘ib qilish, ekologik madaniyatni yuksaltirish kabi ulkan vazifa va marralar turgani partiya tashkilotlari va deputatlik korpusini yanada sergak torttiradi va yangidan-yangi tashabbuslar sari undaydi.
Muhtarama Komilova, O‘zA